Elektrdan noqonuniy foydalanib kelgan fermer xo‘jaligi aniqlandi
"Hududiy elektr tarmoqlari" AJ Sirdaryo hududiy filiali tomonidan elektr energiyasidan foydalanish qoidalariga rioya etilishini ta’minlash maqsadida tizimli reyd tadbirlari amalga oshirilmoqda.
Navbatdagi tungi nazorat tadbiri davomida Sirdaryo tumanida joylashgan “U.U.U.Y” fermer xo‘jaligida elektr energiyasidan foydalanish holati o‘rganildi. Tekshiruv jarayonida mazkur xo‘jalik tomonidan elektr energiyasi hisoblagichdan tashqari holda, tarmoqqa to‘g‘ridan-to‘g‘ri noqonuniy ulanish orqali foydalanib kelingani aniqlandi.
Holat yuzasidan mutaxassislar tomonidan belgilangan tartibda dalolatnoma rasmiylashtirildi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu noqonuniy ulanish natijasida elektr ta’minoti korxonasiga 470 million so‘m miqdorida zarar yetkazilgani ma’lum bo‘ldi.
To‘plangan hujjatlar qonuniy baho berish uchun tegishli idoralarga yuborildi. Aniqlangan huquqbuzarliklar “E-dalolatnoma” axborot tizimi orqali rasmiylashtirilib, amaldagi qonunchilikka muvofiq choralar ko‘rilmoqda.
Mutasaddilar elektr energiyasidan foydalanishda belgilangan qoidalarga qat’iy rioya etish zarurligini yana bir bor eslatib, qonunbuzarliklar uchun javobgarlik muqarrarligini ta’kidladilar.
G‘ulom Primov, O‘zA