Elektr ta’minotida uzilishlar bo‘lmaydi
Mamlakatimizda aholi, shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha ob’ektlarini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, joriy yil avvalida anomal sovuq barcha sohalarda hal etilishi lozim bo‘lgan muammo va kamchiliklar mavjudligini ko‘rsatdi.
Shu boisdan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Navoiy hududiy filiali tomonidan 2023-2024 yillar kuz-qish mavsumiga iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha ob’ektlarini kompleks tayyorlash bo‘yicha tumanlar kesimida chora-tadbirlar ishlab chiqilgan. Bunda 0,4-110 kVli 1399,5 km elektr tarmoqlari hamda 365 dona transformatorni mukammal ta’mirlash va 3229,1 km elektr tarmog‘i va 909 dona transformator punktlarini joriy ta’mirlash rejalari ishlab chiqilgan.
Bu haqida filial tomonidan O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Navoiy viloyati bo‘limi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
– Bugungi kunda 482 km 0,4-110 kVli havo elektr uzatish tarmoqlari, 2 dona 35-110 kVli nimstansiya hamda 143 dona transformator punktlari mukammal, 510,1 km 0,4-110 kVli elektr uzatish tarmoqlari, 8 dona nimstansiya va 155 dona transformator punktlari joriy ta’mirlandi, – deydi filial direktori o‘rinbosari Mirzohid Zaripov. – Joriy yilda aholi iste’molchilarini elektr energiyasi bilan ta’minlashda uzilishlarning oldini olish maqsadida korxonada 25 dona har xil quvvatli transformator va 50 tonna transformator moyi zaxirasi yaratilgan. Bundan tashqari, viloyat hududidagi 375,5 km uzunlikdagi 0,4-10-35 kVli kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari tegib turgan daraxt shoxlaridan tozalandi. Ushbu tarmoqlar ta’mirlanib, tayanchlar oralig‘idagi simlar tortildi. Sim, kabellar zaxirasi yaratildi.

Elektr tarmoqlarida yuzaga keladigan avariyalarni bartaraf etish maqsadida 11 ta maxsus brigadalar tashkil etilib, ular kerakli asbob-uskuna va aloqa vositalari hamda materiallar bilan ta’minlandi.
Prezidentimizning 2023 yil 16 fevraldagi “2023 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Navoiy viloyatida jami 11,2 ming kVtli quyosh panellari va 35,6 ming litr quyosh suv isitish kollektori o‘rnatilgan. Jumladan, byudjet tashkilotlariga 5,5 kVtli quyosh panellari va 27,4 litr quyosh suv isitish kollektori, tadbirkorlik sub’ektlariga 4,4 kVtli quyosh panellari, aholi xonadonlari uchun esa 1,3 kVt kichik quvvatdagi quyosh foto elektr stansiyalari va 8,2 ming litr quyosh suv isitish kollektori o‘rnatilib, foydalanishga topshirildi.
Shuningdek, aholi punktlarining ko‘cha yo‘laklarini yoritish maqsadida jami quvvati 832 kVt li quyosh panelli ko‘cha yoritish chiroqlaridan foydalanib kelinmoqda.
Matbuot anjumanida ta’kidlanganidek, joriy yilning shu kuniga qadar filial tomonidan viloyatda qator dastur va qarorlar ijrosini ta’minlash maqsadida 91,7 km havo elektr uzatish tarmoqlari yangilangan bo‘lsa, 14 dona yangi transformator o‘rnatildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA