Elektr ta’minotida uzilish bo‘lmaydi
Jizzax viloyati Arnasoy tumani tibbiyot birlashmasini qisqa uzilishlar paytida elektr bilan ta’minlash maqsadida quvvati 160 kVtli generator o‘rnatildi.
Mamlakatimizda ijtimoiy sohalarga, ayniqsa, tibbiyotga katta e’tibor qaratilayotganligi zamirida aholining salomatligi, bemorlarga o‘z vaqtida tez tibbiy yordam ko‘rsatilishini ta’minlash maqsadi mujassam.
Tuman tibbiyot birlashmasida elektr ta’minoti tizimidagi qisqa uzilishlar paytida elektr energiyasi ta’minotida muntazamlikni ta’minlash maqsadida “ARNASOY GOLD TEX” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan homiylik asosida elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi quvvati 160 kVtli generator o‘rnatilganini alohida ta’kidlash lozim.
Ushbu o‘rnatilgan generator elektr tizimidagi qisqa uzilishlar vaqtida tuman tibbiyot birlashmasini elektr energiyasi bilan ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Tuman hokimi Xurshid Alimardanov hamda Prezidentning Jizzax viloyatidagi Xalq qabulxonasi mudiri Bayrambek Uzoqov ana shu amaliy ishlar bilan yaqindan tanishish, ob’ektning isitish tizimlari faoliyatini o‘rganish, bemorlar holidan xabar olish va ular bilan muloqotda bo‘lish, shuningdek, o‘rnatilgan elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi generatorning ishlash faoliyatini ko‘zdan kechirish maqsadida tuman tibbiyot birlashmasida bo‘ldi.
– Elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojning keskin ortishi, yozning jazirama issig‘i, qish mavsumining qahraton sovug‘i paytida, hatto, eng rivojlangan davlatlarda ham iste’mol va ishlab chiqarish o‘rtasidagi energiya balansini ta’minlashda katta muammolarga duch kelinmoqda, – deydi Arnasoy tumani elektr ta’minoti korxonasi boshlig‘i Alisher Esirgapov. – Elektro-generatorning o‘rnatilishi katta avariyalar va iste’molchilarning elektr energiyasidan uzilib qolishini, elektr energiyasi ta’minotida cheklovlar joriy etilishini oldini olishda yordami tegadi. Dispetcherlik markazi tomonidan energiya tizimda muvozanat saqlash jarayoni o‘z vaqtida ta’minlanmay, tizimdagi zo‘riqish turli yirik avariyalarga sabab bo‘lganida, katta-katta hududlarda elektr energiya bo‘lmay qolishi kabi salbiy holatlarda, uzoq muddatga bo‘lmasada, ushbu generator elektr energiyasi bilan ta’minlab tura oladi.
Muxtasar qilib aytganda, endilikda tuman tibbiyot birlashmasida elektr energiyasi bilan bog‘liq qisqa uzilishlar paytida ham elektr ta’minoti barqaror bo‘ladi.
A.QAYUMOV, O‘zA