Elektr ta’minoti korxonalariga maxsus xizmat mashinalari berildi
Elektr ta’minoti bilan bog‘liq muammolar kunda kunora yuz berib turadi. Tabiat hodisalari, ba’zan ehtiyotsizlik oqibatida elektr liniyalarida avariyalar kelib chiqadi. Shunday paytda birinchi navbatda hududdagi elektr ta’minoti korxonasining avariya xizmatiga bog‘lanamiz.
Kechiksa, norozi ham bo‘lamiz. Albatta ularning tezda yetib kelishi va muammoni bartaraf etishi avariya xizmatlari uchun ajratilgan maxsus texnikalarning texnik sozligi va sifatiga ham bog‘liq.
Gap shundaki, shu kunga qadar “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Qashqadaryo hududiy filialiga qarashli 20 ta maxsus xizmat mashinalari avariyaviy holatlarni tezkor bartaraf etish uchun ajratilgandi va ularning ko‘pchiligi ma’nan eskirgandi. Soha mas’ullarining ma’lumotiga ko‘ra, oxirgi marta 2012 yilda tizimga bir nechta yangi xizmat mashinalari olib berilgan. Qolganlari bundan ham eski. Bu esa keyingi paytlarda noqulaylik tug‘dira boshlagandi.
Navro‘z bayrami arafasida viloyatdagi elektr ta’minoti korxonalari uchun 20 dona xizmat avtomashinalari tantanali topshirildi va eskilari almashtirib berildi.
Tantanali tadbirda viloyat hokimi Murotjon Azimov ham qatnashdi va soha fidoyilarini bayram bilan qutladi.
Ta’kidlash lozimki, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ viloyat hududiy filiali tomonidan kelib chiqishi mumkin bo‘lgan elektr uzilishlari, avariyaviy holatlarni tezkor bartaraf etish maqsadida 54 ta tezkor chiqish brigadalari tuzilgan. Guruhlar navbatchilik asosida 24 soat rejimda faoliyat olib boradi.
[gallery-22434]
Viloyatda tezkor xizmat faoliyatini takomillashtirish maqsadida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan 20 dona maxsus jihozlangan “Damas” rusumli xizmat mashinalari olib berildi.
Avtomashinalar taqsimoti bo‘yicha 3 ta Qarshi shahar elektr ta’minotiga va 16 ta tuman-shahar elektr ta’minoti korxonalari uchun bir donadan berildi. Qolgan bitta mashina esa ko‘chma mini elektr stansiya sifatida foydalaniladi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari