Elchimiz Misr Prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi
O‘zbekiston Respublikasining Misr Arab Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Mansurbek Qilichev Misr Prezidenti Abdulfattoh As-Sisiga ishonch yorliqlarini topshirdi.
Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmatidan xabar berishlaricha, tantanali tadbir Qohiradagi “Al-Ittihodiya” prezident saroyida bo‘lib o‘tgan.
Ishonch yorliqlarini tantanali topshirish marosimida faxriy qorovul saf tortgan. Mamlakatimiz elchisi sharafiga davlatimiz madhiyasi yangragan.
Qisqa suhbat chog‘ida Misr rahbari Prezident Shavkat Mirziyoyevga o‘zining samimiy salomi va ezgu tilaklarini yo‘llab, Misr tomoni O‘zbekiston bilan barcha sohalarda do‘stlik va hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish hamda mustahkamlash istagini bildirgan.
O‘zbekiston – Misr o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, shuningdek, Misr Prezidentining 2018 yil 4-5 sentyabr kunlari mamlakatimizga rasmiy tashrifi chog‘ida oliy darajadagi muzokaralarda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashilgan.
O‘zA