El-yurt hurmatiga sazovor san’atkor
Milliy musiqamiz dunyoning qay chekkasida bo‘lmasin, tinglovchiga o‘zgacha ruhiy kechinma, hayajon bag‘ishlaydi.
Bu so‘zlar O‘zbekiston xalq artisti, nay cholg‘usining mohir ijrochisi Abdulahat Abdurashidov ijodiga ham taalluqlidir.
San’atkor ijodiy safarlar, konsert dasturlari bilan AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Yaponiya, Janubiy Koreya kabi davlatlarda ko‘p marta bo‘lgan. Har safar uning ijrosi xorijlik musiqa ixlosmandlari tomonidan katta olqishlar, e’tibor va qiziqish bilan kutib olinadi.
O‘zbekistonning har bir go‘shasi barchamiz uchun qadrli. Biroq ne mo‘’jizaki, Farg‘ona diyoridan qancha-qancha adabiyot, musiqa, raqs, teatr, tasviriy va amaliy san’at ustalari yetishib chiqqani hayratimizni oshiradi.
Abdulahat Abdurashidov 1956 yili Marg‘ilonda tavallud topgan. Kitob do‘konida savdo qiluvchi otasi Abdulhamid aka san’at, adabiyotni juda e’zozlaganidanmi, o‘g‘lida musiqa san’atiga bo‘lgan ilk mehrni uyg‘ota olgan. U maktabda o‘qib yurgan paytidayoq turli ijodiy tanlovlar, musiqiy kechalarda faol ishtirok etib kelardi.
Taqdirini musiqa bilan bog‘lagan A.Abdurashidov Toshkentdagi san’at yo‘nalishidagi oliy ta’lim dargohini tamomlagach, yetakchi ijodiy jamoalar tarkibida mehnat qila boshladi. 1990 yildan buyon Yunus Rajabiy nomidagi "Maqom" ansamblida mehnat qilayotgan A.Abdurashidov mamlakatimizdagi aksariyat musiqiy tantanalar, yirik konsertlar, ijodiy tanlovlarda faol ishtirok etib kelmoqda.
Musiqaning bebaho va ilohiy ta’sir kuchini uning ijrosidagi "Cho‘li iroq", "Nasrulloyi", "Iltijo", "Marg‘ilon taronasi", "Farg‘ona ekan", "Yangi tong", "Do‘stlar", "Tantana", "Gullar raqsi" kabi dilrabo kuylarni tinglab, yana bir bor anglash mumkin.
Ustoz san’atkor ko‘p yillardan buyon milliy musiqa san’atimizni xorijda munosib tarzda targ‘ib etib kelayapti. Uning bu boradagi xizmatlari yuqori baholanib, A.Abdurashidov 1995 yilda "O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist", 2000 yilda "O‘zbekiston xalq artisti" unvoniga, 2013 yilda "Fidokorona xizmatlari uchun" ordeni bilan taqdirlandi.
– Prezidentimiz san’at, adabiyotning qadriga yetadigan inson ekani xalqimizning katta baxtidir, – deydi ustoz san’atkor Abdulahat Abdurashidov. – Oddiy odamlar tashvishiga yelkadosh bo‘layotgan, ijod ahliga betinim mehr va e’tibor ko‘rsatayotgan, ilm-ma’rifatni rivojlantirayotgan shunday mehridaryo inson -- Prezidentimiz qo‘lidan orden olish barcha ijodkorlar kabi men uchun ham katta baxtdir. Sidqidildan, astoydil mehnat qilgan odamning xizmatlari yerda qolmas ekan. Bugun milliy san’atning barcha yo‘nalishlari kabi maqom san’atiga ham katta e’tibor qaratilmoqda. Bularning bari ijodkor ziyolilarni izlanishlar sari undaydi.
Vatanimiz mustaqilligining 29 yilligi arafasida davlatimiz rahbari farmoniga ko‘ra, O‘zbek milliy maqom san’ati markazining Yunus Rajabiy nomidagi "Maqom" ansambli sozandasi Abdulahat Abdurashidov "El-yurt hurmati" ordeniga munosib topildi.
Ba’zan zamonaviylikni ham tuzukroq qoyillatmagan ayrim "ixlosmandlar"ning milliy musiqamizni qadrlamasligini sira tushunolmayman. Ularga javobni esa Abdulahat Abdurashidov singari mohir ijrochilarning jahonning turli davlatlaridagi chinakam shinavandalari milliy musiqamizga bo‘lgan mehri bilan allaqachon qaytargan, deb o‘ylayman.
Nazokat Usmonova, O‘zA