El dasturxoni uchun sifatli va arzon mahsulotlar
FOTOREPORTAJ
Bayram arafasida va bayram kunlari ichki iste’mol bozorini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli to‘ldirish va narx-navo barqarorligini ta’minlash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasining barcha shahar va tumanlarida qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkalari tashkil etilgan.
“Nukus dehqon bozori” mas’uliyati cheklangan jamiyatida tashkil etilgan Bayram yarmarkasida ham mahalliy dehqonlar va ishlab chiqaruvchilar tomonidan qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari xaridorlarga arzon narxlarda taklif etilmoqda.
[gallery-10131]
Yarmarkada 40 dan ortiq savdo rastasi tashkil etilib, savdo uchun zarur tarozi, terminal va kassa apparatlari bilan ta’minlangan. Go‘sht va sut mahsulotlari, tuxum, meva-sabzavot va poliz ekinlari, baliq mahsulotlari asosan Qanliko‘l, Xo‘jayli, Taxiatosh, Beruniy va Nukus tumanlaridan keltirilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, yarmarkada har kuni 3 tonnaga yaqin kartoshka, 1,5 tonnadan ortiq sabzi va 2 tonna atrofida piyoz sotilmoqda.
Shuningdek, bozor jamoasi tomonidan shahardagi idora va tashkilotlarda hamda mahalla fuqarolar yig‘inlarida arzonlashtirilgan savdo yarmarkalarini tashkil etish e’tiborga olingan.
Savdo yarmarkalari 2023 yilning 5 yanvar kuniga qadar davom etadi.
Maqsad HABIBULLAEV(surat),O‘zA