Eksportyor korxonalar faoliyati bojxonachilar nigohida
Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi mas’ullari tomonidan eksport hajmini oshirish, tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va ularning bojxona tizimidagi amaliy muammolarini joyiga chiqqan holda o‘rganishga qaratilgan navbatdagi sayyor uchrashuv “Karakul Garden Tex” MCHJda tashkil etildi.
Uchrashuvda tadbirkorlarga eksport faoliyatini qulaylashtirish maqsadida joriy etilgan eng so‘nggi bojxona yengilliklari, jumladan, “Eksport uch qadamda” tizimi bo‘yicha batafsil tushuntirish berildi. Korxona vakillari tomonidan mazkur tizimdan faol va samarali foydalanilayotgani, oxirgi 38 partiyadan ortiq mahsulotlar aynan ushbu tizim orqali tezkorlik bilan bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazilgani alohida ta’kidlandi.

Shuningdek, uchrashuvda ishlab chiqarish jarayonidan tortib, eksportgacha bo‘lgan bosqichlarda bojxona bilan bog‘liq muammolarni oldindan aniqlash va ularning oldini olish borasida muhim tavsiyalar berildi.
Bunday uchrashuvlar eksportyor korxonalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ular duch kelayotgan muammolarni joyida hal etish va eksport salohiyatini yanada oshirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.