Eksportbop mahsulotlar hajmi oshiriladi
Mamlakatimiz pilla yetishtirish hajmi boʻyicha jahonda uchinchi oʻrinni egallaydi.
Mamlakatimiz pilla yetishtirish hajmi boʻyicha jahonda uchinchi oʻrinni egallaydi. Aholi jon boshiga hisoblaganda esa birinchi oʻrinda turadi.
Keyingi yillarda sohada amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli 2018-yilda pilla yetishtirish jarayoni yiliga 3-marta yoʻlga qoʻyilgan boʻlsa, 2019-yilda bu yiliga 4 marotabani tashkil etdi.
Bu ishlar koʻlamini yanada kengaytirishda Prezidentimizning 2017-yil 29-martdagi “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi tashkil etilgani muhim rol oʻynamoqda.
Mazkur uyushmada 2019-yilda yangi tutzorlar, qurtxonalar tashkil etilishi, soha ravnaqida xorijiy tajribani oʻrganish va kadrlar salohiyatni oshirishga alohida eʼtibor qaratilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasining 2019-yil yakunlari va 2020-yilda amalga oshiriladigan istiqbolli rejalar haqida soʻz yuritildi.
Uyushma raisi oʻrinbosari Olimjon Jumayevning maʼlum qilishicha, 2019-yilda 2 ming 248 ming gektar yer maydonida yangi tutzorlar tashkil etilib, tutzorlar 48,5 ming gektarga, yakka qator tutlar soni esa 79,7 million tupga yetkazilgan. Tut plantatsiyalari qoshida esa 652 donadan ortiq qurtxonalar qurilgan. Bir yilda 4-marta pilla yetishtirish joriy qilinishi natijasida oʻtgan yili 19,6 ming tonna pilla yetishtirildi. Bu esa 2018-yilga nisbatan 1,6 ming tonnaga yoki 108 foizga koʻp demakdir.
– Davlatimiz rahbari tomonidan pillachilik sohasini rivojlantirishga qaratilayotgan eʼtibor bizga kuch-gʻayrat bagʻishlayapti, – dedi O.Jumayev. – Negaki, shu vaqtga qadar sohaga ahamiyat berilmayotgan edi. Uyushmaning tashkil etilishi sabab qanchadan-qancha amaliy natijalarga erishyapmiz. Deylik, qayta ishlash korxonalarini pilla xomashyosi bilan mutanosib ravishda taʼminlash natijasida ularning mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish darajasi 2018-yilda 84 foizga, 2019-yilda ozuqa bazasini mustahkamlash va pilla yetishtirish hajmini oshirish evaziga joriy yilda bu koʻrsatkich 95-96 foizga chiqarildi. Shu bilan birga, investitsiyani jalb qilish, yangi ish oʻrinlarini yaratish va eksport salohiyatini oshirishga erishildi. Misol uchun, 2019-yilda 65,2 million dollarlik ipak mahsulotlari eksport qilish prognozi ortigʻi bilan uddalandi, yaʼni yil yakuniga qadar bu koʻrsatkich 70 million dollarga yetkazildi.
Uyushma 2020-yilda pilla qurti ozuqasi sifatini yaxshilash, tutzorlar maydonini kengaytirish, investitsion loyihalar ijrosini taʼminlash va pilla xomashyosidan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish hamda eksportbop mahsulotlar hajmini oshirish niyatida. Bu jarayonda xorijiy texnologiyalarni amaliyotga tatbiq etish mazkur tashkilotning asosiy vazifalaridan. Oʻtgan yilda uyushma tomonidan Yevropaning “Picanol”, “Vandewiele” hamda Koreya kompaniyalarida ishlab chiqarilgan ipak mato toʻqish, tikuv dastgohlarini hamda Yaponiyaning “Mimaki” kompaniyasining ipak matoga rang berish va gul bosish printerlarini oʻrnatish kabi kelishuvlarga erishilgani ham shu maqsadlarga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Bugungi kunda 12 nafar xorijiy mutaxassisning mamlakatimizga kelib, yurtimiz soha vakillarini aynan shunday dastgohlarni boshqarish boʻyicha oʻrgatayotgani, 45 nafar xodimning chet davlatlarda malakasini oshirayotgani ham joriy yilgi rejalar amaliyotida alohida oʻrin egallaydi. Pillani chuqur qayta ishlash natijasida tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni 2019-yilga nisbatan 191 foizga, eksport salohiyatini 73,8 million dollarga yetkazish ham bu yilgi ulkan rejalardir.
– Men uyushmada mehnat qilayotganimga hali koʻp vaqt boʻlmadi, – dedi “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi boshqaruv raisining xorijlik maslahatchisi Andreas Hansen. – Hozir tizim bilan tanishuv jarayonidaman. Bilamanki, sifat boʻyicha muammolar bor. Maqsad ayni shu muammolarni bartaraf etib, oʻzbek ipak mahsulotlarini Yevropa bozoriga olib chiqishdir. Uyushma faoliyatni xalqaro talablarga olib chiqish va koʻplab xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikni oʻrnatish borasida oʻz hissamni qoʻshmoqchiman.