Eksport: tahlillar, rejalar, imkoniyatlar
Prezident topshirig‘i amalda
Joriy yil 16 yanvar kuni Prezidentimiz raisligida investitsiyalarni keng jalb etish va eksport hajmini oshirish borasidagi ishlar natijadorligi hamda kelgusidagi asosiy vazifalar muhokamasi bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida xaridorlar talablarini o‘rgangan holda xorijiy brendlar bilan yuqori qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish masalasiga alohida urg‘u berildi.
Jumladan, Buxoro viloyatida o‘tgan yilda hududiy eksport hajmi 263 million dollardan oshdi. O‘tgan yili 139 million to‘qimachilik, 62 million neft mahsulotlari, 12,5 million meva-sabzavot, 10,5 million qurilish materiallari, 6 million ipakchilik, 16 million oziq-ovqat, 2,1 million charm va jun mahsulotlari, 2,1 million farmatsevtika, 2 million kimyo mahsulotlari, 5,7 million elektrotexnika va 2 million AQSH dollariga teng ko‘plab sanoat mahsulotlari eksporti amalga oshirildi.
G‘ijduvon tumanidagi paxtachilik klasteri tizimidagi ishlab chiqarish korxonalari tomonidan o‘tgan yili eksport hajmi 40 million AQSH dollardan oshdi. Joriy yil boshidan jamiyatga olib kelingan yangi uskunalar esa o‘z navbatida ko‘rsatkichlarni yanada ko‘paytirishga qaratilgan.
– Korxonamiz 2018 yilda ip yigiruv ishlab chiqarish tizimida tashkil etilgan, – deydi jamiyat ish boshqaruvchisi Qo‘ziboy Choriyev. – Bugungi kunda tayyor mahsulotgacha bo‘lgan pog‘onani bosib o‘tdik. 2025 yilda 50 million dollardan ortiq eksport qilishni rejalashtirganmiz. Xorijiy hamkorlar bilan kelishuvlar olib borilyapti. Shunga qarab eksport geografiyamizni ham kengaytirish niyatidamiz.
– O‘zbekistonda to‘qimachilik sohasida sakkiz yildan beri hamkorlik qilib kelaman. So‘nggi yillarda mamlakatingizda bu soha jadal sur’atlar bilan rivojlanmoqda. Davlat rahbarining ishlab chiqarish korxonalariga taqdim qilayotgan imkoniyatlari natijasida xorijning eng so‘nggi texnologiyalari keltirib o‘rnatilmoqda. Bu esa sifat samaradorligini oshirish uchun katta ahamiyatga ega. Bugun G‘ijduvondagi ushbu korxona ham hech ikkilanmay aytishim mumkinki, dunyoning yetakchi brendlari bilan bellasha oladigan mahsulotlar ishlab chiqarmoqda, – deydi turkiyalik texnolog Muhammad Keskin.
Yevropa standartlari talablariga javob beradigan texnologik uskunalar bilan jihozlangan korxona endilikda yangi texnologiyalarni keltirib o‘rnatishdan tashqari, mahsulot sifatini oshirish uchun xorijlik mutaxassislarni ham ishlab chiqarish jarayonlariga jalb qilmoqda.
– Men besh yildan beri ushbu korxonada ishlayman, – deydi pokistonlik texnolog Muhammad Sufyan. – Hozirda eksport uchun qanday mahsulotlarni xaridorlar istayapti, ular ko‘proq nimaga e’tibor qaratmoqda. Aynan shu masalalarni tahlil qilib, mahsulotlarni tayyorlash bo‘yicha jamiyatga yaqindan ko‘maklashmoqdaman. Yurtingizda tekstil sanoati jadal suratlarda rivojlanmoqda. Qisqa fursatda bunday yaxshi natijalarni qo‘lga kiritgan mamlakat bu O‘zbekiston bo‘lsa kerak. Buning natijasida hozirda mahsulotlar nafaqat Osiyo, balki Yevropa bozorlaridan ham o‘z o‘rnini topdi. Har bir korxona o‘z brendi bilan jahon bozorlari sari ildam odimlayapti, deb bemalol ayta olaman.
Buxoroda eksportyor korxonalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlanishi natijasida joriy yilda 12 turdagi yangi mahsulotlarni eksportga yo‘naltirish orqali qo‘shimcha 25 million AQSH dollarlik eksport qilish va jami eksport qilinadigan mahsulotlar turini 59 taga yetkazish rejalashtirilgan. Mahsulotlar sifatini jahon standartlariga moslashtirish maqsadida 97 ta korxonada xalqaro standart va sertifikatlar joriy qilindi. Mahalliy mahsulotlarni xorijiy davlatlarda xaridorgacha yetkazib berishni yo‘lga qo‘yish uchun mahalliy ishlab chiqarish korxonalarining 10 ta savdo uylari ish boshladi.
2025 yilda viloyat bo‘yicha jami hududiy korxonalar mahsulotlari eksporti hajmini 350 million AQSH dollariga yetkazish, xizmatlar ko‘rsatish eksportidan 50,0 million dollardan ortiq valyuta tushumlarini ta’minlash nazarda tutilgan. Bunda, albatta, viloyatning eng ilg‘or tumanlaridan bo‘lgan G‘ijduvonning ulushi katta.
[gallery-21485]
Umuman olganda, 2025 yilda 194,8 million to‘qimachilik, 65,9 million neft mahsulotlari, 24,2 million meva-sabzavot, 17,4 million qurilish materiallari, 8,5 million AQSH dollariga ipakchilik va boshqa mahalliy sanoat mahsulotlari eksporti bo‘yicha korxonabay yo‘l xarita ishlab chiqilgan. Prezidentimiz tomonidan yaratib berilgan imkoniyatlar esa bu rejalarni ortig‘i bilan uddalashda muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbiri