Eksport qiluvchi korxonalarga qanday yengilliklar berilmoqda?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi boshqarma boshlig‘i Mirzorahmat Niyozmetov ishtirokida o‘tkazilgan brifingda tadbirkorlarga berilayotgan yengillik va imtiyozlar haqida ma’lumot berildi.
Qayd etilishicha, eksport qiluvchi korxonalarning ish sharoitlarini yaxshilash va soddalashtirish, xalqaro sifat standartlariga javob beradigan yuqori sifatli mahsulotlar ishlab chiqarish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar berish, mahsulot tannarxini bir necha marotaba pasaytirishga va ishlab chiqarish muddatini kamaytirish maqsadida joriy yil 1 oktyabrdan eksport qiluvchi korxonalarga bir qancha qulaylik va imtiyozlar taqdim etilmoqda.
Jumladan, eksportyor korxonalar mahsulot ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan xomashyo va materiallarni sotib olish, asbob-uskunalar uchun butlovchi qismlar va buyumlar sotib olish, xodimlarga ish haqini to‘lash uchun mablag‘ yetishmagan taqdirda o‘z vaqtida va maqbul shartlarda 5 million dollargacha bo‘lgan miqdorda kredit olishi mumkin. Bu ishlab chiqarishni 145 foizga oshiradi, natijada mahalliy mahsulotlar eksporti hajmining oshishiga olib keladi. Shuningdek, yangi mexanizm mahsulot rentabelligini 12 foizdan 20 foizgacha oshirishga yordam beradi. Soliq ko‘rinishidagi byudjetga qo‘shimcha tushum 4,9 milliard so‘mni tashkil etadi.
Yevropa mamlakatlariga qo‘shilgan qiymati yuqori bo‘lgan mahsulotlarni eksport qilishda transport xarajatlarining 50 foizini kompensatsiya qilish tizimini 1 yilga joriy etish eksportyor korxonalarga mablag‘larini iqtisod qilishi, tovar tannarxi tushishi, bu esa jahon bozorida yanada raqobatbardoshli mahsulot sifatida taklif qilishiga olib keladi.
Yuqori sifat va nazorat tizimiga ega mamlakatlardan sertifikatlangan va deklaratsiyalangan asbob-uskuna, butlovchi qismlar va xomashyo, o‘lchov vositalari, kimyoviy reagentlar, ko‘tarish moslamalari va transport vositalari importida milliy sertifikat olish talabini bekor qilinishi, eksportchi korxonalarga birinchi navbatda, vaqtni tejash, byurokratiya va turli vakolatli organlarga sarsongarchilikni qisqartirishni, mahsulot ishlab chiqarish muddatini qisqarishiga va o‘z o‘zidan pul mablag‘lari tejalishiga olib keladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA