Eksport hajmi kamligi tanqid qilindi....
Termizda xalq deputatlari Surxondaryo viloyati kengashining sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Termizda xalq deputatlari Surxondaryo viloyati kengashining sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Xalq deputatlari viloyat kengashi deputatlari, viloyatdan saylangan Oliy Majlis Senati a’zolari, xalq deputatlari tuman va shahar kengashlarining doimiy komissiyalari raislari, viloyat hokimligining guruh rahbarlari, kotibiyat mudirlari, boshqarma va tashkilotlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari ishtirok etgan sessiyada Prezidentimizning 2020 yil 24 yanvardagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilab berilgan vazifalarni amalga oshirish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalarni belgilash, ular ijrosini ta’minlash to‘g‘risida viloyat hokimi To‘ra Bobolovning ma’ruzasi tinglandi.
Ma’ruzada ta’kidlandiki, Prezidentimizning parlamentga murojaatnomasida mamlakatimizni yangi bosqichda rivojlantirishning muhim strategik yo‘nalishlari belgilab berilgani agrar hudud bo‘lgan Surxondaryo viloyatini ham iqtisodiy-ijtimoiy yuksaltirib, odamlarning turmush darajasini oshirishda muhim o‘rin tutadi.
Joriy yilning “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili“, deb e’lon qilingani chuqur bilimga ega, yuqori salohiyatli yosh avlodni tarbiyalash, barcha sohalarga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishda yuksak samaralar beradi. Jumladan, olti yoshli bolalarni maktabga tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yilishi, oliy ta’lim muassasalarida mutaxassislikka aloqasi bo‘lmagan fanlar ikki baravarga qisqartirilishi, davlat grantiga talabalar qabuli ikki baravarga oshirilib, qizlar uchun alohida grantlar ajratilishi, ayrim yo‘nalishlarda o‘qish muddati uch yil etib belgilanishi yosh avlodning orzu-istaklarini ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladi.
Davlatimiz rahbarining bevosita g‘oyasi asosida yuz berayotgan bu kabi yangilanishlar hayotimizni tubdan o‘zgartirib, mavjud imkoniyatlardan oqilona foydalanishda o‘z samaralarini bermoqda. Xususan, vohada 2018 yil bolalarni maktabgacha talim muassasalariga qamrab olish 11,6 foizni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilda 35 foizga yetdi. Yil yakuni bilan bu ko‘rsatkich 50 foizga yetkaziladi.
Viloyatda faoliyat yuritayotgan 920 umumtalim maktabida 500 mingga yaqin o‘g‘il-qiz talim-tarbiya olmoqda. Sohani yanada rivojlantirib, ta’lim sifatini oshirish uchun 120 milliard so‘m mablag‘ ajratilmoqda. Buning evaziga 137 maktab tubdan tamirlanadi, ikkita yangi maktab quriladi. Qator maktablar zamonaviy usulda jihozlanadi. Oltita xususiy maktab tashkil etiladi.
O‘tgan yili vohadagi 76 olis va chekka hududlarda sayyor qabul o‘tkazilib, 6 ming 300 fuqaroning muammolari tinglandi. Ularning ijtimoiy masalalarini hal etish uchun 9 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirilib, 123 kilometr yo‘l tamirlandi. O‘ttiz kilometrga yaqin suv quvuri tortilib, qator qishloq aholisi toza ichimli suvi bilan taminlandi. Joriy yilda bu borada amalga oshiriladigan ishlar ko‘lami yanada kengaymoqda.
Sessiyada voha iqtisodiyotini tarkibiy o‘zgartirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni, sanoatni rivojlantirib, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish, eksport hajmini keskin ko‘paytirish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish, vohaning turizm salohiyatini yanada oshirish, qishloq xo‘jaligi ekin maydonlaridan unumli foydalanish, ishsizlik darajasini keskin kamaytirish bo‘yicha belgilab olingan vazifalar xususida ham atroflicha fikr almashildi.
– Surxondaryo tabiiy boyliklarga mo‘l hudud, – dedi viloyat hokimi. – Masalan, bundan ikki-uch yil avval vohada granit yoki keramika mahsulotlari ishlab chiqarilishi hech birimizning xayolimizga kelmagan edi. Yoki har yili kech kuzda yoqib yuboriladigan yovvoyi qamishdan klaster yaratib, raqobatbardosh turli tayyor mahsulot tayyorlashni tasavvur ham qilolmas edik. Viloyat ob-havosi ekin maydonlaridan bir yilda uch-to‘rt marta hosil olishga qulay muhit yaratgan. Bu ham eksport hududning eksport hajmini oshirishga qulay imkoniyat-ku! Lekin, o‘tgan yili yirik maydonlarda turli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirgan 897 issiqxonadan 3 million dollar qiymatidagi mahsulot xorijga yuborilganini qanday izohlash mumkin? Bu yil bu boradagi ishlar tubdan o‘zgarmasa, tegishli mutasaddilarga qatiy choralar ko‘riladi.
Sessiyada qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilish, aholi murojaatlari bilan ishlash, ular duch kelayotgan muammolarni aniqlash va bartaraf etish, jinoyatlarning oldini olish va huquqbuzarliklar profilaktikasi, tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashda o‘tgan yili amalga oshirilgan ishlar va galdagi vazifalar, shuningdek, viloyat budjetining 2020 yil boshiga shakllangan erkin qoldiq mablag‘lari hisobidan mablag‘ ajratish to‘g‘risidagi masalalar yuzasidan viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i Sh.Xodjanov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Surxondaryo viloyatidagi Xalq qabulxonasi mudiri A.Eshmuratov, viloyat prokurori S.Turdiev, ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i A.Ismoilov, Bosh Vazirning tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonasi mudiri A.Allamurodov hamda moliya bosh boshqarmasi boshlig‘i B.Xursanovning axborotlari tinglandi. Xalq deputatlari viloyat kengashi hamda doimiy komissiyalarining 2020 yilga mo‘ljallangan ish rejasi tasdiqlandi.
Sessiyada ko‘rilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori N.Yo‘ldoshev so‘zga chiqdi.