Ekspert: Mahkumlar uchun avvalgidek qiynoqlar yo‘q
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) huzuridagi Milliy preventiv mexanizm doirasida faoliyat olib boruvchi qiynoqqa va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llashning oldini olish bo‘yicha jamoatchilik vakillaridan iborat Ekspert guruhi tomonidan 2019 yildan buyon monitoring o‘tkazib kelinmoqda.
Bu orqali jazoni ijro etish muassasalari, tergov xibsxonalari va boshqa yopiq muassasalarda inson huquqlarining ta’minlanishi bo‘yicha Parlament va jamoatchilik nazorati o‘rnatilishiga erishilmoqda.
2020 yilda pandemiya sharoitida Ombudsman boshchiligida 42 marotaba jazoni ijro etish muassasalari, 9 marotaba vaqtincha saqlash hibsxonalari, 8 marotaba ichki ishlar organlari, 6 marotaba tergov hibsxonalari, 5 marotaba ma’muriy qamoqqa olinganlarni saqlash uchun mo‘ljallangan maxsus qabulxonalar, 2 marotaba muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish markazlari, 4 marotaba karantin majmuasi va koronavirus bilan kasallanganlarni davolashga ixtisoslashgan markazlarda monitoring o‘tkazildi. Ularda jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan 4 ming nafardan ortiq shaxslar bilan jamoaviy, 578 nafar shaxs bilan individual uchrashuv tashkil etildi.

Ma’lumki, Prezidentimizning Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida qiynoqlarning oldini olishda Ombudsman tomonidan har chorakda jamoatchilik vakillari bilan birgalikda tergov izolyatori va jazoni o‘tash muassasalariga “monitoring tashriflari” tizimi yo‘lga qo‘yilishi kerakligi alohida ta’kidlangan edi.
Davlatimiz rahbari tomonidan qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha nazoratni kuchaytirish, shuningdek, jazoni ijro etish muassasalari, qamoqda saqlash joylari va maxsus qabulxonalar hamda shaxslar o‘z ixtiyori bilan chiqib keta olmaydigan joylarda mavjud holatni o‘rganish maqsadida Ombudsman huzurida faoliyat ko‘rsatuvchi jamoatchilik vakillaridan iborat Ekspert guruhi tomonidan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llashning oldini olish maqsadida Milliy preventiv mexanizm doirasida 13 va 7-sonli jazoni ijro etish muassasalariga monitoring tashriflari amalga oshirildi.

Ekspert guruhi a’zolari tomonidan Toshkent viloyatidagi jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarning yashash, ovqatlanish, mehnat qilish va tibbiy yordam olish sharoitlari hamda muassasalarda sanitariya-gigiyena talablariga rioya etish holatlari o‘rganildi.
Jinoyat-ijroiya kodeksida belgilangan tartibga ko‘ra, har bir mahkumga jazoni ijro etuvchi muassasa yoki organ ma’muriyatiga, boshqa davlat organlari va jamoat birlashmalariga o‘z ona tilida yoki boshqa tilda murojaat etishlari, sog‘lig‘ini saqlash, shu jumladan, tibbiy xulosaga ko‘ra ambulatoriya-poliklinika va statsionar sharoitda tibbiy hamda jazoni ijro etish muassasasining psixologik xizmat ko‘rsatish xodimlari tomonidan ko‘rsatiladigan psixologik yordam olishi, mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq xavfsiz mehnat sharoitlari yaratilishi kerak.
Toshkent viloyatidagi 13-sonli jazoni ijro etish muassasasida hozirda 1 ming 100 ga yaqin mahkumlar jazo muddatini o‘tamoqda. Muassasa hududida tikuvchilik, duradgorlik, yumshoq mebel yasash va boshqa kasb-hunarga ixtisoslashgan jami 14 ta sex mavjud.

Mahkumlarga ishbay asosda xaq to‘lanib, kunlik norma to‘liq bajarilgan taqdirda ularga kuniga 29 ming so‘m ish xaqi hisoblanadi. Normani oshirib bajarganlarga ko‘proq va aksincha, kam ishlaganlarga kamroq kunlik maosh hisoblanadi. Muhimi belgilangan normani to‘liq bajara olmaganlik uchun javobgarlik belgilanmagan.
Mahkumlarning uzoq muddatli oilaviy uchrashuvlari uchun 16 ta xona ajratilgan. Koloniyada 5 ta telefon o‘rnatilgan bo‘lib, grafik asosida mahkumlar 10 daqiqagacha yaqinlari bilan pullik asosda gaplashishi mumkin. Muassasa mas’ullarining so‘zlariga ko‘ra, yaqin kunlarda mahkumlar uchun onlayn videomuloqot qilishi uchun ham imkoniyat yaratiladi.
Qiynoqlarning oldini olish, inson huquqlarini ta’minlash maqsadida muassasaga 80 ta kuzatuv kamerasi o‘rnatilgan bo‘lib, yaqin kunlarda yana 640 dan ortiq nuqtalarga videokuzatuv moslamalari o‘rnatilishi rejalashtirilgan.
Monitoring davomida Ekspert guruhi a’zolari tomonidan muassasalarda saqlanayotgan shaxslar bilan jamoaviy va yakka tartibdagi uchrashuvlar o‘tkazildi.
Jamoaviy uchrashuvda mahkumlarga ularning huquq va majburiyatlari haqida batafsil to‘xtalib o‘tilib, ularning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitish holatlari yuzaga kelgan taqdirda Ombudsmanga murojaat qilishi kerakligi tushuntirildi. Yakka tartibdagi qabullarda esa muassasada ularga qanday munosabatda bo‘layotganliklari, qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash bilan bog‘liq holatlar bor yoki yo‘qligi, mahkumlar uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar yuzasidan fikrlar o‘rganildi. Aniqlanishicha, ushbu monitoring davomida mahkumlardan muassasada yaratilgan sharoit va qiynoqqa solish masalalarida hech qanday murojaat kelib tushmagan.
- Milliy preventiv mexanizm doirasida jazoni ijro etish muassasalariga o‘tkaziladigan respublika bo‘ylab monitoring tashriflari jadvali ishlab chiqilgan bo‘lib, bu yildan e’tiboran ushbu jarayonlar jamoatchilik vakillari hamda OAV xodimlari bilan birgalikda amalga oshirilmoqda, – deydi Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) kotibiyati mudiri Saidbek Azimov. - Aytish joizki, mahkumlarning ruhiy holati, xohish-istaklarini inobatga olgan holda ilk monitoring tadbiriga kamroq jurnalistlarni jalb etdik va albatta, tasvirga olish jarayonida ham kadrga tushishni istamagan mahkumlar kamera ob’ektividan chetlashtirildi. Monitoring davomida mahkumlar bilan yakkama-yakka o‘tkazilgan suhbatlarda ham mazkur muassasalarda ularga nisbatan qiynoq, ruhiy kamsitilish kabi holatlar bo‘yicha murojaatlar kelib tushmadi. Murojaatlarning aksariyati asosan, afv etilish, ozodlikdan maxrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo turlari bilan almashtirish kabi iltimoslardan iborat.
Shuningdek, tashrif davomida Ekspert guruhi a’zolari 2009 yildan buyon xizmat ko‘rsatuvchi “Atlantic” reabilitatsiya markazida ham bo‘lib, mahkumlarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
- Bir vaqtlar Jasliq qamoqxonasida uydirma ayblovlar bilan jazo muddatini o‘tab chiqqanman, – deydi Ekspert guruhi a’zosi, O‘zbekiston inson huquqlari Huquqiy tayanch jamoat birlashmasi raisi A’zamjon Farmonov. - Ombudsman huzuridagi komissiya a’zolari tarkibida mening ham borligim muhim voqea. Sababi, ko‘pchilik odatda jazo muddatini o‘tayotganimda ham davlat idoralaridan ko‘p komissiyalar borgan, lekin ular o‘sha zonani ichidagi ahvolni bizchalik his qilmaydi. Men bugun ushbu jazoni ijro etish muassasalariga keldim va bu yerdagi mahkumlarning yashash sharoitlari va kun tartiblari bilan tanishdim. Ayrim mahkumlar bilan xattoki, yuzma-yuz gaplashish imkoniyatiga ega bo‘ldim. Bu yerdagi sharoit haqiqatda, bundan 3-4 yil oldingi vaqtlarga nisbatan juda keskin farq qiladi. Ularning yashash sharoitlari yaxshilangan hamda ularga turli xil kasb egallash bilan bog‘liq imkoniyatlar taqdim qilingan. Men aynan Jinoyat kodeksining 159, 244-moddalari bilan jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlar bilan ham suhbatlashdim. O‘zimni sobiq mahkum ekanligimni, qiynoqlar bo‘layotgan bo‘lsa tortinmasdan gapirib berishlari mumkinligini aytganimda, ular hozir avvalgidek qiynoqlar yo‘qligi, faqat ozodlik yetishmayotgani, o‘z oilalarini sog‘inganliklarini bildirdi.
Ta’kidlash joizki, mahkumlar o‘ziga nisbatan tazyiq yoki boshqa noqonuniy holat bo‘yicha o‘z vaqtida murojaat qila olishlari uchun har bir jazoni ijro etish muassasalarida “Ombudsman qutisi” o‘rnatilgan bo‘lib, uni faqatgina shaxsan Ombudsman mutaxassislari ochish huquqiga ega.
Monitoring tashrifi davomida jazoni ijro etish muassasalarida o‘rnatilgan “Ombudsman qutisi”ga kelib tushgan murojaatlar qabul qilib olindi. O‘rganish davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli muassasalar rahbarlariga zaruriy tavsiyalar berildi.
Ombudsman hamda Ombudsman huzurida jamoatchilik vakillaridan iborat Ekspert guruhi tomonidan jazoni o‘tash muassasalari va tergov hibsxonalarida monitoringlar davom ettiriladi.
O‘zA.