Ekoturizmning yangi yo‘nalishlari
Jizzax viloyatining Arnasoy ko‘li sohilida sayyohlar uchun yangi dam olish maskanlari – zamonaviy kempinglar barpo etildi.
Jizzax viloyatining Arnasoy ko‘li sohilida sayyohlar uchun yangi dam olish maskanlari – zamonaviy kempinglar barpo etildi.Qizilqum cho‘li va Nurota tog‘ tizmalari oralig‘ida joylashgan Aydar-Arnasoy ko‘llari tizimi mamlakatimiz hayvonot va nabotot olamining noyob turlarini saqlab kelayotgan tabiiy hududlardan biri sifatida alohida o‘rin tutadi. Ko‘l va ko‘l atrofida “Qizil kitob”ga kiritilgan hayvonlar, o‘lkamizda doimiy yashovchi va mavsumiy qo‘nib o‘tuvchi qushlarning ko‘plab noyob turlari uchraydi.
Prezidentimiz rahnamoligida tabiatni muhofaza qilishga qaratilayotgan alohida e’tibor tufayli hududdagi biologik xilma-xillikni asrash, baliqchilik, ekoturizmni rivojlantirish bo‘yicha qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Asriy qum barxanlari qo‘ynidagi ko‘l tabiati ayniqsa, ov ishqibozlari va sayyohlar uchun g‘oyat qiziqarli.
Viloyatda ishlab chiqilgan ekoturizmni rivojlantirish dasturiga ko‘ra, Arnasoy-Qizilqum yo‘nalishida sayyohlarga xizmat ko‘rsatish infratuzilmasi yo‘lga qo‘yilmoqda. Forish tumanidagi Qizilqum qishlog‘ining ko‘l sohiliga yaqin hududida 20 kishiga mo‘ljallangan kempinglar barpo etilib, ularning yonida yana shuncha sayyoh dam olishi uchun o‘tov mehmonxonalar qurilmoqda.
“NPP Paxtamash KV” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan barpo etilayotgan ushbu sayyohlik qo‘nalg‘alarida dam olib, Qizilqumning o‘ziga xos tabiati bilan tanishish, ko‘lda baliq va qush ovi bilan shug‘ullanish uchun barcha sharoit yaratilmoqda. Shu maqsadda qayiq, qumda yura oladigan avtomobillar keltirilayotir. Hozircha 500 gektarlik dam olish hududida turistik infratuzilmani zamonaviy asosda yo‘lga qo‘yish uchun barcha imkoniyat mavjud.
Xuddi shunday yana bir dam olish maskani “Oxus traver” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan barpo etilmoqda. 1 ming 200 gektar ko‘l va 50 gektarlik cho‘l hududida sayyohlarga qulaylik yaratish uchun 5 kilometr masofaga elektr uzatish tarmog‘i tortilib, yo‘l qurildi.
“Egizbuloq” qishloq fuqarolar yig‘ini hududidagi 573 gektar yer maydoniga ega orolda “Jizzaxtog‘konkimyo” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan barpo etilayotgan dam olish maskani ham yaqin kunlarda ish boshlaydi. Ayni paytda bu yerda 18 ming tupdan ziyod daraxt va buta ko‘chatlari o‘tqazilib, ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borilayotir. Orolni quruqlik bilan bog‘laydigan 2,5 kilometrlik yo‘l qurilishi nihoyasiga yetkazildi.
Joriy yilda yana ikkita dam olish maskani barpo etish mo‘ljallangan.
– Arnasoy ko‘li hududidagi dam olish maskanlarining ishga tushirilishi bilan viloyatimizga kelayotgan xorijlik sayyohlar 10 foizga oshishi kutilmoqda, – deydi “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasining Jizzax viloyati bo‘yicha hududiy vakili Lola Sanayeva. – Bugungi kunda Zomin tumanida ham ekoturizmni rivojlantirish bo‘yicha yangi loyihalar amalga oshirilmoqda.
Viloyatda ekoturizmning rivojlanishi aholi, ayniqsa, yosh avlodning tabiatni asrab-avaylashga bo‘lgan ko‘nikmasini yanada oshirishga xizmat qilmoqda. Shuning uchun ekoturizmni yo‘lga qo‘yishda qishloq aholisini jalb etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mahalliy tadbirkorlar, davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda turizmni rivojlantirish bo‘yicha loyihalar ustida ish olib borilayotir.