Ekologiya qo‘mitasi raisi ishdan olindi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida ayni paytda atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.
Davlatimiz rahbari ekologiya sohasida ko‘plab muammolar to‘planib qolgani, Ekologiya va atrof-muhatni muhofaza qilish qo‘mitasi raisida taklif va tashabbus yetishmasligini tanqid qildi. Shu bois, qo‘mita raisi ishdan olinganini ma’lum qildi. Shuningdek, tizimda birinchi rahbardan tashqari quyi rahbarlar faoliyatini ham tanqidiy ko‘rib chiqish kerakligini ta’kidladi.
– Bu yo‘nalishdagi muammolardan barchamiz xabardormiz. Odamlar ekologiya sohasidagi ishlardan norozi. Keyingi paytlarda daraxtlar, qushlar kamayib ketgani ko‘p tanqid qilinyapti. Lekin, bunga mas’ul bo‘lgan Ekologiya qo‘mitasi, boshqa idoralar va mahalliy hokimliklarning tashabbus va amaliy ishlari ko‘rinmayapti,– dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident har yili bahor mavsumida daraxt ko‘chatlari ekilsa-da, keyin o‘z holiga tashlab qo‘yilayotgani, sohaga mas’ul bo‘lganlardan jiddiy nazorat yetishmayotganini ko‘rsatib o‘tdi.
O‘zA