Ekologik muammolarni bartaraf etish muhim vazifa
O‘zbekiston Ekologik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzod Abdushukur Hamzayevning Farg‘ona viloyatdagi ishonchli vakili, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Ravshan Begmatov Dang‘ara tumanidagi kasb-hunar maktabida saylovchilar bilan uchrashdi.
Ishonchli vakil dastlab nomzodning tarjimai holi va saylovoldi dasturi bilan tanishtirdi. Jumladan, dasturdan o‘rin olgan “Yashil energetika” strategiyasini qabul qilish, suvdan samarali foydalanish va uning mahsuldorligini oshirish bo‘yicha milliy dastur ishlab chiqish kabi muhim tashabbuslar e’tirof etildi. Shaharlar bosh rejalarini tuzishda kamida 30 foizli yashil maydonlar yaratish talabini mustahkamlash, shaharsozlik faoliyatida jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, normativ hujjatlarni qabul qilishda atrof muhitga ta’sirini baholash tizimini joriy etish kabi e’tiborga molik maqsadlar ilgari surilgani qayd etildi.

Bugun ekologiya masalasi, ekologik muammolar dolzarb va global masalaga aylanib, dunyo nigohi shu masalaga qaratilgan. Zero, bugun emas, kelajak avlodlar taqdiri ham ekologiyani asrab avaylash bilan belgilanadi. Mamlakatimizda eng kenja partiya sanalgan Ekologik partiyaning tashkil etilganiga hali ko‘p bo‘lmagan bo‘lsada partiyadan mamlakat Prezidentligiga ikkinchi bor nomzod ko‘rsatilmoqda. Ta’kidlash kerakki, partiya ekologik barqaror rivojlanishiga yo‘naltirilgan “yashil siyosat”ni hayotga tatbiq etish g‘oyasini ilgari suradi. Hududlarda bo‘lib o‘tayotgan saylovchilar bilan uchrashuvlarda ana shu jihatlarga e’tibor qaratilib, nomzodning dasturi aholiga tanishtirilmoqda.

Mazkur uchrashuvda dasturdan o‘rin olgan muhim vazifa qayta tiklanuvchi muqobil energiya manbalari sohasida bozor mexanizmlarini tatbiq etish, energiya resurslari bozorida xususiy sektor ishtirokini kengaytirish taklifi qo‘yilganligi, bu orqali aholining muttasil oshib borayotgan energiya ehtiyojini qondirish mumkinligi ta’kidlandi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar nomzodning saylovoldi dasturini qo‘llab-quvvatladi.
Ishonchli vakil ishtirokidagi bu kabi uchrashuv va tadbirlar viloyatning barcha tuman va shaharlarida davom etmoqda.
M.Sulaymonov, O‘zA