Ekologik inqiroz: olimlar xavotirda
Yaqinda 500 dan ortiq olimlar “Dartington” deklaratsiyasini imzolab, siyosatchilarni iqlim bo‘yicha “darhol va keskin choralar ko‘rishga” chaqirdi.
Ularning fikricha, global issiqxona gazlari 2030 yilgacha 2010 yildagi darajaning yarmiga qisqartirilmasa, insoniyat xavfli “halokat zonasi”ga kirib boradi.
Mazkur hujjat “University of Exeter” va “WWF UK” tomonidan tayyorlangan bo‘lib, yaqinda e’lon qilingan “Global Tipping Points Report 2025” hisobotidagi ogohlantirishlarga javob sifatida taqdim etilgan.

Hujjatda tezkor ravishda fosil yoqilg‘ilardan voz kechish, issiqxona gazlarini keskin kamaytirishhamda o‘rmonlar, tuproq va boshqa tabiiy karbon yutuvchilarni tiklash talab etiladi. Yutuv nuqtalari yemirilsa, atmosferaga ulkan miqdorda karbon qayta chiqishi mumkinligi ta’kidlanadi. Masalan, Amazon, Osiyo va Afrikaning ba’zi o‘rmonlarida bu holat allaqachon kuzatilmoqda.
Tuproq 2 800 gigatonnadan ortiq karbon saqlaydi, ammo degradatsiya tufayli har yili AQSHning umumiy SO₂ chiqarishiga teng miqdor — 4,81 milliard tonna karbon atmosferaga chiqib ketishi xavfi mavjud.
Deklaratsiya shuningdek, “ijobiy burilish nuqtalarini” ishga tushirish zarurligini urg‘ulaydi. Masalan, quyosh energiyasi va akkumulyator texnologiyalarining arzonlashuvi kabi jarayonlar past karbon iqtisodiyotiga o‘tishni tezlashtirishi mumkin.
Musulmon Ziyo, O‘zA