Ehtiyojmand oilalar “Temir daftar”dan chiqarildi
Aholi bilan bevosita ishlash, ularning muammolarni hal etish, tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashning eng samarali mexanizmi – “mahallabay” ishlash tizimining amaliyotga joriy etilishi qishloq va mahallalarimizni jadal rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Bu boradagi ishlarda senatorlarning ham faol ishtirok etishi ayni muddao bo‘lmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati a’zosi, senator A.Sanginov Sariosiyo va Uzun tumanlarida “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftar”iga kiritilgan ehtiyojmand aholining sharoitlarini yaxshilashga harakat qilmoqda. Xususan, Sariosiyo tumanidagi “Humoyun” mahalla fuqarolar yig‘inida ana shunday ro‘yxatlarga kiritilgan oilalarni daftardan chiqarish maqsadida tuman hokimligi vakillari ishtirokida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Qayd etish kerakki, Sariosiyo tumanining janubiy-sharqiy qismida joylashgan “Humoyun” mahalla fuqarolar yig‘ini shahar markazidan qariyb 30-35 kilometr uzoqlikda joylashgan. Shahar markaziga bog‘lovchi yo‘l ko‘p yillardan beri ta’mirtalab, aholining shaharga borishi uchun qiyinchilik tug‘dirar edi.
Senator tashabbusi bilan ushbu yo‘l to‘liq ta’mirlab berildi. Olis tog‘ qishlog‘iga olib boruvchi yo‘lning qariyb 16 kilometr qismiga asfalt, 3,8 kilometriga esa beton qoplama yotqizildi.
Ayni vaqtda ushbu mahallada 447 ta oilada 4 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi. Mahallada yashovchi 4 nafar imkoniyati cheklanganlarga nogironlik aravachasi topshirildi. Kam ta’minlangan o‘nga yaqin oilaga qoramol va parranda berildi. “Ayollar daftari”da turgan 9 nafar xotin-qizga tikuv mashinasi taqdim etildi. Mazkur oilalar “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftar”idan chiqarildi.
S.Shoyeva