Dzyudo: Yangi vazifalar belgilab olindi
O‘zbekiston dzyudo federatsiyasining 2024 yil hamda 2025 yilning ortda qolgan to‘qqiz oyi yakunlariga bag‘ishlangan hisobot saylov yig‘ilishida mamlakatimiz yakka kurash sport turlari tarixida ilk bor ayol kishi rais o‘rinbosari lavozimiga saylandi.
Yig‘ilish davomida federatsiya mutasaddilari, barcha yosh toifasidagi terma jamoalarning murabbiylari, hududiy bo‘limlarning ijrochi direktorlari va mas’ullari onlayn va oflayn tarzda ishtirok etib, tegishli bo‘lim boshliqlarinning hisobotlarini tinglashdi.

Ta’kidlanganidek, o‘tgan davr mobaynida daxldor tashkilotlar bilan dzyudoning rivojini ta’minlash borasida hamkorlik memorandumlari imzolangani, yurtimizda xorijiy terma jamoalar ishtirokida qo‘shma mashg‘ulotlar o‘tkazilganligi, xalqaro musobaqalar va tadbirlar yuqori saviyada tashkil etilganligi e’tirof etildi.
Terma jamoalarimizda xorijiy murabbiylar faoliyat yuritayotgani, klublar dzyudosi yo‘lga qo‘yilgani mahoratli sportchilarni kamolga yetkazishga xizmat qilayotganligi qayd etildi.

Yig‘ilishda tashkiliy masala ko‘rib chiqildi. O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi raisi maslahatchisi sifatida faoliyat yuritib kelgan Kseniya Gulyamova delegatlarning ovoz berishi natijasida rais o‘rinbosari vazifasiga saylandi.
Muhokamalar yakunida O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi raisi Azizjon Komilov oldinda turgan muhim masalalar xususida to‘xtalib, barcha yo‘nalishlarda islohotlarni davom ettirish, terma jamoalarni nufuzli musobaqalarga tayyorlash, mashg‘ulotlarda samaradorlikka erishish vatanimiz sportining obro‘-e’tibori yo‘lidagi muhim vazifa ekanligini ta’kidladi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA