Dzyudo: O‘zbekiston 16-o‘rinda bormoqda
Dunyoning 111 mamlakatidan 667 nafar sportchi ishtirok etayotgan Parij “Katta dubulg‘a” turnirining ikkinchi kungi musobaqalarida mamlakatimiz terma jamoasi a’zosi Shahram Ahadov 73 kilogramm vazn toifasida bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Xalqaro turnirning saralash bellashuvlarini muvaffaqiyatli o‘tkazgan hamyurtimiz 3-o‘rin uchun kechgan kurashda qozog‘istonlik Daniyar Shamshayevni dog‘da qoldirdi va bronza medaliga egalik qildi. Ushbu natija tufayli Ahadov jahon va Olimpiya o‘yinlari reytingi yo‘lida 500 ochkoga egalik qildi.
Bugun “Katta dubulg‘a” turnirining so‘nggi kunida terma jamoamiz a’zolaridan Muzaffarbek To‘raboyev 100 kilogrammda, Alisher Yusupov eng og‘ir vaznda, xotin-qiz dzyudochilarimizdan Irisxon Qurbonboyeva 78 kiloda, Rinata Ilmatova esa +78 kilogrammda medallar uchun kurashga kirishadi.
Parij musobaqalarining ikkinchi kun sarhisobiga ko‘ra, 4 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronza medali bilan umum jamoada Fransiya peshqadamlik qilayotgan bo‘lsa, keyingi o‘rinlarda borayotgan Yaponiya 2 tadan oltin, kumush, bronzaga, Kosovo davlati vakillari 1 tadan oltin va bronza medaliga egalik qilib turibdi.
O‘zbekiston terma jmoasi Shahramning bronzasi hisobiga 111 davlat orasida hozircha 16-o‘rinda bormoqda.
T. Ro‘ziyev, O‘zA