Dzyudo: Osiyo chempionatida bir yil muqaddam qayd etilgan ko‘rsatkich yaxshilandi
Iordaniya poytaxti Amman shahrida dzyudo bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari umumjamoada 1-o‘rinni egalladi.
Ikki kun davom etgan qit’a birinchiligida O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi 11 ta oltin, 4 ta kumush, 5 ta bronza, jami 20 ta medal bilan Osiyoning 20 ta davlati orasida umumjamoada yetakchi bo‘ldi.
Ikkinchi o‘rindan joy olgan Qozog‘iston terma jamoasi 2 ta oltin, 7 ta kumush, 6 ta bronza medalini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, kuchli uchlikka yakun yasagan eronlik dzyudochi yoshlar 2 ta oltin va 2 ta bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Aytish lozim, o‘tgan yili 21 ta davlat vakillari ishtirokida Indoneziyada tashkil etilgan Osiyo chempionatida O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi 7 ta oltin, 3 ta kumush, 8 ta bronza, jami 18 ta medal bilan umumjamoa hisobida 1-o‘rinni band etgan edi.
Bu yilgi qit’a chempionatida o‘smir dzyudochilarimizning medallar sifatidagi ko‘rsatkichi oltin medallar hisobiga ancha yaxshilandiki, bu, yurtimizda yangi-yangi iqtidorlar yetishib chiqayotganidan dalolat deyish mumkin.
T.Ro‘ziyev, O‘zA