Dzyudo kuni — mahorat va jasorat bayrami
Har yili 28 oktyabr sanasi butun dunyoda Butunjahon dzyudo kuni sifatida nishonlanadi. Bu sana bejiz tanlanmagan — dzyudo asoschisi Dzigoro Kano aynan shu kuni tavallud topgan.
Bugun dunyoning besh qit’asidagi 200 ga yaqin mamlakatda, jumladan O‘zbekistonda ham dzyudo bayrami katta tantana bilan o‘tmoqda.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda dzyudo sporti yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Ayniqsa, joriy yilda poytaxtimizda ilk bor kattalar o‘rtasida o‘tkazilgan jahon chempionatida terma jamoamiz tarixda birinchi marta 2 ta oltin medalni qo‘lga kiritgani buning yaqqol isbotidir.

Shu bilan birga, Diyora Keldiyorovaning "Parij-2024" Olimpiadasida 52 kg. vazn toifasida oltin medalni qo‘lga kiritishi O‘zbekiston dzyudosi tarixida yangi sahifa ochdi.

O‘zbek dzyudosining yorqin vakili — Olimpiya o‘yinlarining 3 karra bronza medali sohibi, 2 karra jahon chempioni, “El-yurt hurmati” ordeni hamda “O‘zbekiston iftixori” faxriy unvoni sohibi Rishod Sobirov, shuningdek, Olimpiada chempioni Diyora Keldiyorova kabi sportchilar nomlari yurtimiz yoshlari uchun ibrat namunasidir.

Bugun o‘zbek dzyudosining yuksak yutuqlari va xalqaro maydondagi zafarlari yurtimiz sportchilarida yangi g‘alabalar sari intilish ruhini yanada mustahkamlamoqda.
N.Rahmonova, O‘zA