DXX “Umra” ziyoratini noqonuniy tashkil etishga uringanlarni fosh qildi
Bugungi kunda mamlakatimizda fuqarolarning vijdon erkinligi va diniy e’tiqod bilan bog‘liq huquqlarini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilib, yurtdoshlarimizning “Umra” ziyoratiga borishlari uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
Biroq, ayrim sayyohlik firmalari belgilangan tartib-qoidalarga rioya qilmagan holda fuqarolarni Saudiya Arabistoniga yuborishi oqibatida hamyurtlarimiz chet elda sarson bo‘layotgani, muqaddas amallarni xavfsiz va mukammal ado etishda turli qiyinchiliklarga duch kelayotgani guvohi bo‘linmoqda.
Kelgusida bunday salbiy holatlarning oldini olish maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan muntazam ravishda zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Davlat xavfsizlik xizmatining Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Dang‘ara tumanida faoliyat yurituvchi turfirma xodimi fosh etildi.
Ushbu shaxs “Umra” ziyoratini tashkil etish bo‘yicha tegishli litsenziyaga ega bo‘lmasa-da, 4 nafar fuqaroni Saudiya Arabistoniga yuborish evaziga 4 400 AQSH dollari talab qilib, shundan 1 100 AQSH dollarini oldindan olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
O‘zA