Dushanbe maktab va bogʻchalarida karantin eʼlon qilindi
Koʻrsatilgan muddat oraligʻida maktabgacha va umumiy taʼlim muassasalari dezinfeksiya qilinadi.
Tojikistonning Dushanbe shahridagi maktab va bolalar bogʻchalarida koronavirus tarqalishi xavfi tufayli 27-apreldan 10-maygacha karantin eʼlon qilindi. Bu haqda mamlakat Taʼlim va fan vazirligi hamda poytaxt taʼlim boʻlimi maʼlum qildi.
Koʻrsatilgan muddat oraligʻida maktabgacha va umumiy taʼlim muassasalari dezinfeksiya qilinadi.
“Bugun Tojikiston Bosh vaziri Kohir Rasulzoda raisligida koronavirus profilaktikasi boʻyicha respublika qoʻmitasining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Majlis chogʻida jamoatchilik, aholi, ayniqsa bolalar va oʻsmirlar salomatligi va xavfsizligini muhofaza qilish maqsadida maktabgacha taʼlim muassasalarida, oʻrta maktablarda boshlangʻich va oʻrta kasb-hunar taʼlimi dargohlarida 27-aprel-10-may kunlari vaqtincha karantin eʼlon qilinadi”, - deya xabar bergan vazirlik matbuot xizmati.
Maʼlum boʻlishicha, karantin jamii 4 686 muassasada joriy etilib, 2 245 661 bolalar va oʻsmirlar hamda 143 045 oʻqituvchini qamrab oladi.
Bugungi kunda Tojikistonda rasman birorta ham laboratoriya tasdigʻidan oʻtgan COVID-19 holati qayd etilmagan. Shunday boʻlsa-da, hukumat fuqarolar infeksiya yuqtirmasliklari uchun lozim boʻlgan barcha choralarni koʻryapti. Dushanbe shahrida barcha yirik magistrallar, koʻchalar keng koʻlamli dezinfeksiyadan oʻtkazilmoqda. Yoʻllar, jamoat transporti bekatlari, xiyobonlardagi, koʻp qavatli uylar yonidagi oʻrindiqlarga ishlov berish sanitariya-epidemiologiya vaziyati izga tushgancha davom ettiriladi.
Mamlakatda ommaviy tadbirlar ham bekor qilindi, oziq-ovqat eksporti toʻxtatildi.
Hukumat raisi boshchiligida oʻtgan COVID-19 profilaktikasi boʻyicha respublika shtabi yigʻilishda 25-apreldan boshlab barcha turdagi donli va dukkakli ekinlar, shuningdek oziq-ovqat mahsulotlari eksportini vaqtincha cheklash toʻgʻrisida ham qaror qabul qilindi. Bu haqda “Xovar” davlat axborot agentligi maʼlum qilgan.
“Dunyoda yuzaga kelgan murakkab iqtisodiy va ijtimoiy vaziyatni hisobga olgan holda, oziq-ovqat xavfsizligi taʼminotini mustahkamlash va mahalliy bozorni birinchi navbatda zarur boʻladigan mahsulotlar bilan taʼminlash maqsadida 25-apreldan bugʻdoy, guruch, noʻxat, mosh, loviya kabi barcha turdagi donli va dukkakli ekinlar, shuningdek tuxum, kartoshka hamda barcha turdagi goʻsht mahsulotlari eksporti va respublika hududidan tashqariga chiqarilishi taqiqlanadi”, - deyiladi axborotda.
Bundan tashqari Tojikistonda har qanday koʻrinishdagi ommaviy tadbirlar, jumladan yigʻilishlar va seminarlar, sport tadbirlari, kinoteatr va teatrlardagi tomoshalar ham bekor qilindi.