Dunyoning gultoji o‘zingsan, ayol
Nukusda 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan “Dunyoning gultoji o‘zingsan, ayol!” mavzusida tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda respublikamizning barcha shahar va tumanlaridan kelgan nuroniy onaxonlar, jamiyat hayotida faol ishtirok etayotgan xotin-qizlar, turli vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi M.Kamalov so‘zga chiqib, xotin-qizlarni bayram bilan muborakbod etdi.
Ta’kidlanganidek, Prezidentimiz rahbarligida bugungi kunda yurtimizda xotin-qizlarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy hayotdagi faolligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yurtimizda gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlarni jamiyatimizning barcha sohalarida o‘z qobiliyatini, salohiyatini ko‘rsatishiga keng yo‘l ochish, ularni kasb-hunarga, tadbirkorlikka o‘rgatish, ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollarga yordam ko‘rsatish maqsadida “Ayollar daftari”ni joriy qilish, oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan qizlarning shartnoma to‘lovlarini to‘lab berish, fidoiy, iste’dodli xotin-qizlarning mehnatini munosib baholash singari qator ishlar amalga oshirilayotgani onalarimizga, opa-singillarimizga, dilbar qizlarimizga bo‘lgan alohida e’tibor va g‘amxo‘rlikning yorqin ifodasi.
Buning natijasida xotin-qizlarimiz ilm-fan, ta’lim, tibbiyot, madaniyat, sport, sanoat, qishloq xo‘jaligi singari jamiyatimizning eng muhim sohalarida samarali faoliyat yuritmoqda. Ular orasidan ko‘plab deputatlar, fan doktorlari, yozuvchi-shoirlar, tadbirkorlar yurtimizning siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy hayotida faol qatnashib, uning taraqqiy etishiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 4 martdagi «8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan mukofotlash to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq, yurtimizda olib borilayotgan tub islohotlarda faol qatnashib, yangi O‘zbekistonni barpo etish, xalqimiz farovonligini yuksaltirish yo‘lida tashabbus va namuna ko‘rsatib kelayotgani uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasidan 8 nafar xotin-qiz faxriy unvon, orden va medallarga sazovor bo‘ldi. Shuningdek, davlatimiz rahbarining joriy yil 3 martdagi qarori asosida 2 nafar qiz o‘zining iqtidori va namunali faoliyati bilan yoshlarga o‘rnak bo‘lib kelayotgani, ijtimoiy hayotda faollik ko‘rsatayotgani uchun Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlandi.
Tantanali tadbirda bir guruh fidoyi xotin-qizlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Prezidiumining maxsus qarori bilan “Ardoqli nuroniy”, “Vatan fidoyisi” va “Umid uchquni” ko‘krak nishonlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining «Faxriy yorliq»lari bilan taqdirlandi. Shuningdek, davlat va jamiyat hayotidagi faolligi, o‘zlarining yuksak samarali mehnati bilan ajralib kelayotgan bir guruh xotin-qizlarga «Mo‘’tabar ayol» ko‘krak nishoni topshirildi.
Mukofotlanganlar nomidan “Vatan fidoyisi” ko‘krak nishoni sohibasi Roza Palvanova, “Umid uchquni” ko‘krak nishoni sohibasi Nargiza Boltaboyeva, “Ardoqli nuroniy” ko‘krak nishoni sohibasi Zinaida Tigay xotin-qizlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rligi uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirdi.
–Mamlakatimizda biz yoshlarning har tomonlama bilim olishimiz uchun barcha shart-sharoit yaratilgan,–deydi Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti magistranti, “Umid uchquni” ko‘krak nishoni sohibasi Nargiza Boltaboyeva.- Mana shunday imkoniyatlar natijasida «MDH ning eng yaxshi talabasi-2020» xalqaro tanlovida birinchi o‘rinni egalladim.
Tadbir san’at ustalari va yosh ijrochilarning konsert dasturi bilan davom etdi.
[gallery-1459]
Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA