Dunyoda qochoqlar soni oshib bormoqda
2021 yil dunyoda urush va zo‘ravonlik tufayli yashash joyini tark etgan odamlar soni 8 foiz oshib, 89 million 300 ming kishiga yetdi.
Bu haqdagi ma’lumotni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochoqlar bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi tarqatdi.
“So‘nggi o‘n yillikda uyini tashlab ketishga majbur bo‘lganlar soni muntazam ortib bormoqda. O‘tgan yil oxirida yer yuzidagi har sakson sakkizinchi inson migrant bo‘lgan, 27,1 million qochqin, 4,6 million boshpana izlovchi, 53,2 million mamlakat ichida ko‘chib yashashga majbur bo‘lgan inson qayd etilgan”, deyiladi xabarda.
2021 yil davomida Turkiya eng ko‘p – 3,8 million qochoqni qabul qilgan. Bu borada keyingi o‘rinlarni Uganda (1,5 million kishi), Pokiston (1,5 million) va Germaniya (1,3 million) egalladi.
Hisobot davrida 5,7 milliondan ziyod kishi avvalgi istiqomat joyiga qaytgan.
O‘zA