Dunyo xabarlari qisqa satrlarda
Venesuela: saylov natijasi norozilik keltirib chiqardi
Venesuelada prezident saylovidan keyin boshlangan ommoviy norozilik mamlakatning aksar qismini egalladi, deb xabar tarqatdi “TeleSUR” telekanali va “Nacional” nashri. Tartibsizlik poytaxt okrugi va 19 shtatni qamrab olgan.
28 iyul kuni bo‘lib o‘tgan prezident saylovining ertasiga Milliy saylov kengashi amaldagi yetakchi Maduroni 2025-2031 yillar uchun qayta saylanganini e’lon qildi. Dushanba kuni esa poytaxtda norozilik boshlandi va butun mamlakat bo‘ylab yoyildi.
Venesuela tarkibida 23 shtat bor.
Nikolas Maduro fuqarolar harakatini “rangli inqilob”ga tenglashtirdi.
Ayni payt Lotin Amerikasining to‘qqiz mamlakati – Argentina, Gvatemala, Kosta-Rika, Panama, Paragvay, Peru, Dominikana Respublikasi, Urugvay va Ekvador hukumatlari birgalikda bayonot berib, Venesuelani kuni kecha bo‘lib o‘tgan prezident saylovi natijasini qayta ko‘rib chiqishga chaqirgan. Ushbu davlatlar amaldagi prezident Nikolas Maduroning g‘alabasidan xavotir bildirgan.
Ularning fikricha, xulosa mustaqil kuzatuvchilar guvohligida butunlay qayta ko‘rib chiqilishi, ovoz sanashda shaffoflik ta’minlanishi kerak.
Masalan, Panama Prezidenti Xose Rual Mulino hukumati Venesueladagi oxirgi prezidentlik saylovi natijasi qayta ko‘rib chiqilmaguncha, ushbu davlat bilan munosabatni to‘xtatib turishini bildirgan.
– Panama tarixi, vatanimizda yashashni tanlagan millionlab venesuyelaliklar va demokratik e’tiqodim hurmati, hukumatimiz Venesueladan diplomatik xodimlar olib chiqib ketilishini talab qiladi, – dedi davlat rahbari matbuot anjumani chog‘ida. – Protokol va ovozni kompyuterda sanash tizimi to‘liq tahlil qilinmaguncha, diplomatik aloqalarni to‘xtatib turamiz. Bu bizga xalqning haqiqiy irodasini bilish imkonini beradi.
Venesuela Milliy saylov kengashi yakshanba kungi saylov natijasini e’lon qilib, Nikolas Maduroni 2025-2031 yillar uchun Prezident sifatida e’lon qildi.
Times: Britaniya Rossiya yadro quroliga qarshi raketa yaratmoqchi
“Times” gazetasi diplomatik manbaga tayanib, Buyuk Britaniya, go‘yoki, Rossiya yadro qurolini yo‘q qilish uchun 3,2 ming kilometr masofaga uchadigan raketa yaratish masalasini ko‘rib chiqayotgani haqida xabar tarqatdi, deb yozgan “RIA Novosti”.
– Britaniya Rossiyadan uchirilgan... yadro qurolini yo‘q qila oladigan, uzoq masofaga mo‘ljallangan raketa yaratish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda, – deb yozgan nashr. – Britaniya bunday qurilmani Germaniya bilan birga ishlab chiqarishi mumkin.
YeI Vengriyaning rossiyaliklarga viza berishni soddalashtirish rejasiga qarshi
Yevropa parlamentidagi yirk fraksiya – Yevropa xalq partiyasi raisi Manfred Veber YeI yetakchilarini rossiyaliklarga soddalashtirilgan viza berayotgani uchun Vengriyaga nisbatan chora ko‘rishga chaqirdi, deb yozdi “Financial Times” gazetasi.
– Yevroittifoq mamlakatlariga kirishning yangi tartibi josuslik faoliyatini olib borish va juda ko‘p rossiyaliklar uchun Vengriyaga nazoratsiz kirib kelish imkonini beradi, – deyilgan bayonotda. – Bu milliy xavfsizlikka tahdid soladi. Shu bois Shengen hududini himoya qilish uchun zudlik bilan chora ko‘rilishi shart.
Vengriya iyul oyida sakkiz mamlakat, jumladan Rossiya va Belarus fuqarolari uchun muayyan shakldagi viza tartibi soddalashtirilishini ma’lum qilgan.
Eron AQSHdagi saylovga aralashmaydi
Eronning Nyu-Yorkda joylashgan BMTdagi missiyasi go‘yoki Tehron Amerika sayloviga aralashayotgani to‘g‘risida AQSH razvedkasi e’lon qilgan bayonotni keskin rad etdi.
– Eronda AQSH sayloviga ta’sir etish maqsadi ham, bu yo‘ldagi faoliyat ham yo‘q, – deb yozdi IRNA agentligi. – Bu ayblov asosan saylov oldi kampaniyasini jonlantirish uchun aytilmoqda.
Tayvan xorijdan qurol sotib olishni davom ettiradi
Tayvan mudofaa qobiliyatini kuchaytirish va xorijiy davlatlardan qurol-yaroq sotib olishni davom ettiradi, dedi hudud ma’muriyati rahbari Lay Sinde.
Orol markaziy axborot agentligi (CNA) tarqatgan xabarda aytilishicha, Sinde sobiq rahbar Say Invenning “orol mudofaa qobiliyatini mustaqil ravishda kuchaytirish” bo‘yicha yuritgan siyosatini davom ettirishini aytgan.
Pekin Tayvanni XXRning bo‘linmas hududi, deb hisoblaydi. “Yagona Xitoy” tamoyiliga amal qilish boshqa mamlakatlar uchun mamlakat bilan diplomatik munosabatni saqlab qolish sharti sifatida ko‘riladi.
Gruziya Bosh vaziri Rossiya – Ukraina mojarosi qachon tugashini aytdi
Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze fikricha, Ukrainadagi urush kelasi yil tugaydi va shundan keyin Gruziya – Amerika munosabati qayta yo‘lga qo‘yiladi.
– O‘ylashimcha, har qanday sharoitda ham urush kelasi yil tugaydi, – dedi u “Imedi” telekompaniyasiga bergan intervyusida. – Shundan keyin hokimiyat tepasida demokrat bo‘ladimi yoki respublikachimi, munosabatni qayta yo‘lga qo‘yish uchun imkon tug‘iladi. Eng muhim omil – harbiy mojaro nihoyasiga yetishi. Bu bizning umidimiz uchun asos hisoblanadi.
S.Rahimov,
O‘zA