Dunyo xabarlari qisqa satrlarda
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) sammitida ishtirok etish uchun Ostonaga keldi. Sammit 3-4 iyul kunlari bo‘lib o‘tadi.
BMT matbuot xizmati tarqatgan xabarda aytilishicha, Bosh kotib Olma-Otaga ham boradi, Prezident Qosim-Jomart Toqayev bilan uchrashuv o‘tkazadi.
Guterrish Qozog‘istonga ikkinchi bor keldi, birinchi rasmiy tashrif 2017 yil amalga oshirilgan.
***
Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kisida 10-14 iyul kunlari Germaniya va AQSHga boradi. Vashingtonda u NATO sammitida ishtirok etadi. Bu haqda kun chiqar yurt Vazirlar Mahkamasi ma’lum qildi.
“Kyodo” agentligi yozishicha, Germaniyada Kisida Kansler Olaf Shols bilan uchrashib, jumladan, iqtisodiy xavfsizlik va mudofaa sohasida ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha muzokara o‘tkazishni rejalashtirgan.
So‘nggi payt Yaponiya NATO bilan aloqani faollashtirmoqda. Kisida hozirgacha ikki bor Alyans anjumanida qatnashdi. Bryusseldagi qarorgohda Yaponiyaning doimiy vakolatxonasi ishlab turibdi.
***
Janubiy Koreya Prezidenti Yun Sok Yolga impichment e’lon qilish uchun bir milliondan ziyod imzo to‘plandi, deb xabar tarqatdi “Yonhap” agentligi.
Ta’kidlanishicha, petitsiya bo‘yicha Milliy majlisga murojaat qilish uchun yetarli imzolar o‘n kun ichida yig‘ilgan. Ushbu harakatni mamlakatdagi yirik muxolifatchi Toburo demokratik partiyasi ham qo‘llab-quvvatlagan.
***
Finlyandiya Prezidenti Aleksander Stubb “Bloomberg” agentligiga bergan intervyusida Yevropa “harbiy davr iqtisodiyoti”ga o‘tishi kerak, dedi. Uning fikricha, YeI qurol-aslaha buyurtmasini birlashtirishi, mudofaa sanoatini uzoq istiqbolga mo‘ljallab rivojlantirish kerak. Yevropa investitsiya banki ham o‘z qizil chizig‘idan tashqariga chiqishi, harbiy sanoatni yanada faol qo‘llab-quvvatlashi kerak.
***
Niderlandiya Ukrainaga moliyaviy, harbiy va siyosiy yordam berishda davom etadi, dedi qirollik Bosh vaziri Dik Sxof parlamentda yangi hukumatni shakllantirish jarayoni yakuniga yetgani munosabati bilan so‘zlagan nutqida.
Sxof mamlakat mudofaa xarajati NATO standarti bo‘yicha 2 foiz bo‘lishi huquqiy jihatdan mustahkamlanishiga va’da berdi. Shuningdek u yangi hukumat YeI doirasida va tashqarida imzolangan barcha xalqaro shartnomalarga amal qilishini bildirgan.
***
Turkiya bilan munosabatni yaxshilash uchun yetarli darajada sog‘lom muloqot olib boryapmiz, dedi Armaniston tashqi ishlar vaziri Ararat Mirzoyan Tbilisiga tashrifi chog‘ida gruziyalik hamkasbi bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda.
– Turkiya bilan munosabatni to‘liq yo‘lga qo‘yish, diplomatik aloqani tiklash, chegaralarni ochish va shu vaqtgacha erishilgan kelishuvlarni bajarishga tayyormiz, – dedi u.
***
Ozarbayjon yetakchisi Ilhom Aliyev 12 iyul kuni ikki kunlik tashrif bilan Pokistonga boradi, deb xabar tarqatdi “The News International” gazetasi.
Safar davomida Prezident Asif Ali Zardoriy, Bosh vazir Shahboz Sharif va quruqlik qo‘shini qo‘mondoni Osim Munir bilan uchrashuv rejalashtirilgan.
***
Eronda islohotchi sifatida e’tirof etiladigan prezidentlikka nomzod Mas’ud Pazashkiyon saylovning ikkinchi bosqichi arafasida ustunlikka egaligi aytilmoqda. Mamlakatda foliyat ko‘rsatayotgan “Shenaakht” tahlil markazi o‘tkazgan so‘rov natijasi shundan darak bermoqda.
So‘rovdan respondentlarning 42 foizi ovoz berishda ishtirok etishi, ularning 52 foizi Pazashkiyon uchun ovoz berishga tayyorligi ma’lum bo‘lgan.
Eronda prezident saylovining birinchi bosqichi 28 iyunda bo‘lib o‘tdi.
S.Rahimov, O‘zA