Dunyo uzra Vatan sha’nini ulug‘layotgan o‘zbek o‘g‘loni
Joriy yilning aprel oyida taekvondo WT bo‘yicha Xitoyda o‘tgan ikki yirik XIII Klublar o‘rtasidagi Osiyo chempionati va "WT Prezidenti kubogi" musobaqasida vazni 80 kilogrammgacha bo‘lgan taekvondochilar o‘rtasida hamyurtimiz Jasur Jaysunov oltin medalni qo‘lga kiritgan edi.
Ushbu muvaffaqiyat natijasida Jasur Butunjahon taekvondo ittifoqining may oyi uchun yangilangan jahon reytingida 116.24 ball to‘plab, o‘z vaznida dunyoning uchinchi raqamli taekvondochisiga aylandi.
Sportchimizning bu muvaffaqiyatlari mamlakatimizda yosh avlodni jismoniy tarbiya va sport orqali har tomonlama sog‘lom va barkamol insonlar etib voyaga yetkazishga qaratilayotgan alohida e’tibor samarasidir. Darhaqiqat, so‘nggi yillarda sport sohasida olib borilayotgan tizimli ishlar natijasida, yurtimizning turli hududlaridan xalqaro maydonlarda o‘z iqtidor va salohiyatini namoyon etib, Vatanimiz sharafini munosib himoya qilayotgan yosh chempionlar yetishib chiqmoqda.

Jasur Jaysunov ham ana shunday ulkan muvaffaqiyatga erishayotgan yosh sportchilarimizdan biri. U 7 yoshidan mazkur sport turi bilan muntazam shug‘ullanib kelmoqda. Jasur taekvondoning ilk usullarini birinchi ustozi, Denis Chebikindan o‘rgangan.
Taekvondochimiz tuman va shahar birinchiliklarida ancha toblandi. Xato va kamchiliklar ustida ishladi. Buning samarasida u 2015 yili ilk marotaba mamlakat chempioni bo‘ldi.
U dastlabki xalqaro yutuqlarga 2019 yilda erishdi. Yoshlar o‘rtasida Iordaniyada o‘tkazilgan Osiyo chempionatida g‘olib bo‘lgan taekvondochimiz Rossiyada o‘tgan xalqaro turnirda oltin medalni qo‘lga kiritdi. 2020 yil Istanbulda o‘tkazilgan xalqaro musobaqada kumush medal bilan taqdirlandi. Oradan bir yil o‘tib, Livan davlati mezbonlik qilgan Osiyo chempionatida bronza, «Beirut Open-2021» musobaqasida kumush medalga ega chiqdi.
2022 yil Janubiy Koreyada o‘tkazilgan taekvondo bo‘yicha qit’a birinchiligida Jasur Jaysunov 74 kilogrammgacha vazn toifasida Osiyo chempioniga aylandi. Shuningdek, faoliyati davomida turli mamlakatlarda o‘tgan «Katta dubulg‘a» Gran-pri musobaqalarida shohsupaga ko‘tarildi. 2023 sport mavsumi ham Jasur Jaysunov uchun omadli o‘tdi. Sportchimiz Osiyo chempionati, «Katta dubulg‘a» musobaqasi, Gran-Pri turnirida shohsupaga ko‘tarildi.

2024 yili o‘tgan qit’a birinchiligi va “Fujairah Open” musobaqalarida oltin medalga sazovor bo‘lgan bo‘lsa, Xitoyda o‘tgan taekvondo WT bo‘yicha «Parij-2024» yozgi Olimpiya o‘yinlari uchun Osiyo litsenzion turnirida sportchimiz o‘z vazn toifasidagi bahslarni muvaffaqiyatli o‘tkazgan holda Olimpiada yo‘llanmasiga ega chiqdi. “Parij-2024” Olimpiadasida bronza medali uchun o‘tish bosqichiga qadar ishtirok etib, ulkan tajriba to‘pladi. Shuningdek, sportchimiz o‘tgan yili Xitoyning Usi shahrida o‘tgan "Katta dubulg‘a" saralash musobaqasi finalida mezbonlar vakili Jao Junboni ortiqcha qiyinchiliksiz 2:0 (8:2, 12:3) hisobida taslim etdi va musobaqa g‘olibiga aylangan holda "Katta dubulg‘a"ning asosiy turniriga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Joriy yilgi sport mavsumi ham iqtidorli taekvondochimiz uchun muvaffaqiyatli bo‘ldi. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, J.Jaysunov “Fujairah Open – 2025” turnirida oltin medalga ega chiqdi. Shuningdek, XIII Klublar o‘rtasidagi Osiyo chempionati hamda "WT Prezidenti kubogi"da 80 kilogrammgacha vazn toifasida shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi.
Taekvondochilarimizning yuksak natijalari mamlakatimizda sport sohasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samarasi, iste’dod egalarini mahoratli sportchilar etib tarbiyalash tizimi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganidan dalolat.

Jasur Jaysunov hozirda O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida bosh murabbiy Pavel Xan qo‘l ostida poytaxtimizdagi O‘zbekiston taekvondo WT assotsiatsiyasi bazasida Xitoy va Braziliya milliy terma jamoalari ishtirokida taekvondo WT bo‘yicha xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida o‘z mahoratini oshirmoqda.
– Avvalo, biz sportchilarning ulkan marralarni zabt etishimizda barcha imkoniyatlarni yaratib berayotgan davlatimizga va sportimiz mutasaddilariga minnatdorlik bildirib o‘tmoqchiman, – deydi Jasur Jaysunov. – O‘tgan oyda Xitoydagi nufuzli musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etdim va bu turnirlar orqali shu yili bo‘lib o‘tadigan yirik turnirlar – jahon chempionati, Islom birdamlik o‘yinlari kabi musobaqalar uchun muhim reyting ochkolarini ishlab oldim. Musobaqalardan qaytishimiz bilanoq o‘z qarorgohimizda Braziliya va Xitoy Olimpiya terma jamoalari ishtirokida xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida ishtirok etmoqdamiz. Bu mashg‘ulotlar bizga navbatdagi start — 18 may kuni Sofiya shahrida o‘tadigan "WT President's Cup Europe" musobaqasi oldidan yaxshi tayyorgarlik vazifasini o‘taydi. Umid qilamanki, bu musobaqada ham o‘z vazn toifamda kuchlilar qatorida bo‘laman.
Tinimsiz mehnat va yurt shanini yuksaltirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan Jasur Jaysunov bildirilgan ishonchni oqlash uchun tinimsiz harakatda. Sportchimizning yangi-yangi cho‘qqilarni zabt etishiga tilakdoshmiz.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA