“Dunyo sadolari” festivali boshlandi
Bugun Andijonning eng xushmanzara shahri bo‘lgan, Farg‘ona vodiysining turizm markaziga aylanayotgan Xonobod shahrida “Dunyo sadolari” II xalqaro milliy estrada san’ati festivali boshlandi.
Tadbir davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yurtimizning milliy estrada san’atini dunyoga tanitish, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish, mamlakatimiz, xususan, Xonobod shahrining turizm salohiyatini keng targ‘ib etish maqsadida tashkil qilingan. Mamlakatimizda ikkinchi bor o‘tkazilayotgan ushbu xalqaro milliy estrada san’ati festivalida dunyoning qator davlatlaridan estrada san’ati guruhlari, xonandalari, shuningdek, mamlakatimiz estrada san’ati yulduzlari ishtirok etadi.
– Viloyat hokimligi rahbarligida festivalni yuqori saviyada o‘tkazish uchun zarur barcha tayyorgarlik ishlari amalga oshirildi, – deydi Xonobod shahar hokimi Mash’albek Tojiboyev. – Qiziqarli va rang-barang dasturlarga boy festival ishonamanki, ishtirokchilar, hamshaharlarimiz, shahrimiz mehmonlari qalbida unutilmas taassurotlar qoldiradi.
Festival ishtirokchi va mehmonlarining xavfsizligi, jamoat tartibini saqlash, yo‘l va transport vositalari tirbandligi kelib chiqishining oldini olish yuzasidan zarur choralar ko‘rildi. Xonobod shahridagi ommaviy tadbirlar o‘tkaziladigan barcha hududlarga, yo‘l va chorrahalarga kuzatuv kameralari o‘rnatildi, Wi-Fi internet zonasi tashkil etildi, mehmonlarga xizmat ko‘rsatuvchi gid va volontyorlar guruhlari shakllantirildi. Shaharning turli hududlarida milliy va Yevropa taomlari tayyorlaydigan ko‘plab oshxonalar faoliyati yo‘lga qo‘yildi, bankomatlar o‘rnatildi.
[gallery-18479]
Aholi, sayyohlar va yurtimiz mehmonlarining Xonobod shahriga borishi, kelishi uchun Andijon – Xonobod poyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yildi.
Eslatib o‘tamiz, 29-31 iyul kunlari bo‘lib o‘tadigan “Dunyo sadolari” II xalqaro milliy estrada san’ati festivali doirasida yurtimiz estrada yulduzlari bilan bir qatorda Dianella (Qozog‘iston), Jah Khalib (Qozog‘iston), Megan (Belgiya), Jony (Ozarbayjon), Inna (Ruminiya) singari jahon estrada san’ati yulduzlari ishtirok etadi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (foto), O‘zA muxbirlari