“Dunyo sadolari”: barcha sharoitlar yaratilgan
Xonobod shahrida “Dunyo sadolari” xalqaro milliy estrada san’ati festivali davom etmoqda.
Alisher Navoiy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ining markaziy sahnasida Andijon shahri monomarkazi o‘quvchilari, hunarmand va dizayner xotin-qizlar tomonidan tayyorlangan milliy, zamonaviy liboslar ko‘rgazmasi mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Tuman, shahar madaniyat bo‘limlari san’atkorlari, turli ansambllar tomonidan namoyish etilayotgan badiiy dasturlar, ijro etilayotgan raqs, kuy va qo‘shiqlar barchaga xush kayfiyat ulashmoqda.
[gallery-18507]
Bundan tashqari, festivalni chiroyli va tartibli o‘tishini ta’minlash uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Xususan, ovqatlanish shoxobchalari, salqin ichimliklar savdosi bilan shug‘ullanuvchi do‘konlar kunu tun aholi xizmatida. Ko‘chalarga bankomatlar, tibbiy punktlar o‘rnatilgan, shahar ichi bo‘ylab maxsus taksilar harakati yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, ichki ishlar, tibbiyot xodimlari, elektr ta’minoti, obodonlashtirish xizmatlari ishchi va xodimlari ham festivalni ko‘ngildagidek o‘tishiga munosib hissa qo‘shmoqda.
Biz ana shu soha vakillarining bir guruhi bilan suhbatlashdik.
Jasurbek Qobuljonov, Andijon viloyat kardiologiya markazi shifokori:
– Shifokor va hamshiralardan iborat tibbiyot xodimlari, tadbirlar o‘tkaziladigan huddudlarda tashkil etilgan tibbiyot punktlari, ko‘plab tez tibbiy yordam mashinalari festival tashkilotchilari, tashrif buyurgan mehmonlar va yurtdoshlarimizning salomatligini nazorat qilish uchun Xonobod shahriga safarbar etilgan. Yurtdoshlarimizning salomatligi yuzasidan murojaat qilganlarga birinchi yordam ko‘rsatilib, zarur dori-darmonlar berilmoqda.
Madiyorbek Hamraqulov, Andijon viloyati IIB Jamoat xavfsizligi va tartibini saqlash boshqarmasi xodimi, katta serjant:
– Mehmonlar xavfsizligi va jamoat tartibini saqlash bo‘yicha ham zarur choralar belgilangan. Festivalga nafaqat Andijon viloyatidan, balki qo‘shni Farg‘ona, Namangan hamda respublikamizning boshqa viloyatlaridan ham mehmonlar tashrif buyurmoqda. Xodimlarimiz xushmuomalalik bilan aholiga xizmat ko‘rsatib, zimmalariga yuklangan vazifani ado etmoqda.
Muxlisa Sobirova, “Hududiy elektr tarmoqlari” Andijon viloyat hududiy bo‘limi matbuot xizmati rahbari:
– Festival juda chiroyli o‘tmoqda. Konsert dasturlarini tomosha qilayotgan yurtdoshlarimizning ko‘ngillari tog‘day ko‘tarilmoqda. Sahnalar, yo‘lakcha va ko‘chalar to‘la yoritilgan, elektr energiyasi ta’minotida uzilishlarga yo‘l qo‘yilgani yo‘q.
Festival yakuniga qadar elektr energiyasi ta’minoti borasidagi ishlar qat’iy nazoratimiz ostida bo‘ladi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (foto),
O‘zA