Dunyo muzliklari har qachongidan tez erimoqda
Bugungi kunga qadar o‘tkazilgan eng qamrovli ilmiy tahlilga ko‘ra, iqlim o‘zgarishi ta’sirida dunyo muzliklari har qachongidan ham tezroq erimoqda. Ma’lumki, tog‘ muzliklari butun dunyo bo‘ylab millionlab odamlar uchun chuchuk suv zaxirasi hisoblanadi. Shu bois bu manba to‘liq erib ketishi jahon okeani sathini 32 santiyetrm ko‘tarib yuboradi.
Ommaviy axborot vositalari yozishicha, asr boshidan buyon mavjud muzliklarning taxminan 5 foizi yo‘qolgan. Oxirgi o‘n yilliklarda erish tezligi ortgan. So‘nggi o‘n yil ichida esa ayni ko‘rsatkich o‘sishi 2000-2011 yillarga nisbatan salkam 35 foizni tashkil etdi.
Butun dunyo bo‘ylab 35 ta guruh olib borgan 230 ga yaqin mintaqaviy hisobotni birlashtirgan tadqiqot natijalari olimlarga muzliklar qay darajada tez erishi va kelajakda jarayon qanday rivojlanishi haqida ishonchli tasavvur hosil qilish imkonini berdi.
Iqlim o‘zgarishining o‘ziga xos hodisasi sifatida muzliklar barqaror iqlim sharoitida qariyb bir xil o‘lchamda namoyon bo‘ladi. Ya’ni, qor yog‘ib, erishi natijasida yo‘qotilgan muz miqdoriga tenglashadi. Afsuski, yuqorida aytib o‘tganimizdek, so‘nggi 20 yil ichida muzliklar deyarli hamma joyda tez eriyapti. Qolaversa, inson omili ta’sirida – asosan qazib olinadigan yonilg‘i yonishi tufayli harorat keskin ko‘tarilgan.
2000-2023 yillar mobaynida Grenlandiya va Antarktidaning yirik muz qatlamlaridan tashqari barcha muzliklar yiliga o‘rtacha 270 milliard tonna vazn yo‘qotyapti.
Tasavvur qilaydik: bir yilda erigan muz bir kishi uchun kuniga 3 litrdan to‘g‘ri keladi va bu miqdor sayyoramiz aholisi 30 yil davomida iste’mol qilishi mumkin bo‘lgan zaxiradir.
Umuman, “Nature” jurnalida chop etilgan ushbu tadqiqotning yangiligi va o‘ziga xos ahamiyati muzliklar erishi tezlashgani aniqlanganida ham emas, balki butun dunyo bo‘ylab turli tadqiqotlar hamjamiyati axborotlarini birlashtirganidadir.
Fanda muzliklar holati o‘zgarishini baholashning turli usullari mavjud: dala o‘lchovidan tortib, sun’iy yo‘ldosh ma’lumotigacha. Har bir usulning afzalligi yoki kamchiligi bo‘lishi mumkin.
Masalan, muzlikni bevosita o‘lchash ancha batafsil ma’lumot beradi, ammo bunday imkoniyat yer yuzidagi 200 000 dan ziyod muzlikning juda kam qismi uchun mavjud.
Demak, faqat turli yondashuvlarni tizimli ravishda birlashtiribgina, olimlar vaziyat haqida ishonchli xulosa hosil qilishlari mumkin.
Binobarin, muzliklar iqlim o‘zgarishiga to‘liq javob berishini o‘rganish uchun muayyan, masalan, ob’ektning hajmiga qarab bir necha yildan ko‘p, hatto o‘n yillargacha vaqt talab etiladi. Buning ustiga erish jarayoni ham to‘xtamaydi.
G.Sattorova, O‘zA