Dunyo mamlakatlarida bolalar bayrami qanday nishonlanadi?
Har yili bolalar kuni butun dunyo davlatlarida keng nishonlanadi. Ammo bu kun boshqa mamlakatlarda qanday nishonlanishi haqida bilasizmi? Quyida ushbu kun haqida muhim ma’lumotlar bilan tanishing.
Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni birinchi bo‘lib 1925 yilda Jenevada Bolalarni himoya qilish bo‘yicha Butunjahon konferensiyasi paytida e’lon qilingan.
Bolalar kuni 1857 yil iyun oyining ikkinchi yakshanbasida Chelsi shahridagi doktor Charlz Leonard tomonidan boshlandi.
Leonard bolalarga bag‘ishlangan va ular uchun atalgan maxsus tadbir o‘tkazdi. U avvaliga ushbu kunni «atirgul» kuni deb nomlagan, ammo keyinchalik Bolalar kuni deb nomlangan.
20 NOYABR BANGLADESh
Bangladeshda bolalar kuni har yili 20 noyabr kuni o‘tkaziladi. Bolalarni himoya qilish kunining asosiy yo‘nalishi - bolalar huquqlarining ahamiyati to‘g‘risida jamoatchilikka xabar berishdir.
Bangladeshda bolalar bayramni musobaqalar va moda namoyishlari bilan nishonlaydi.
KANADA BOLALARI BU BAYRAMDA DAM OLMAYDI
Kanadada Bolalarni himoya qilish kuni «Milliy bolalarni himoya qilish kuni» sifatida tanilgan va har yili 20 noyabrda o‘tkaziladi. Chunki shu kuni Kanada Parlamenti 1993 yilda «Bolalarni himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunni qabul qilgan. Ushbu bayramning nishonlanishi Kanada bolalari uchun hayotda va jamiyatda faol ishtirokchi sifatida ekanini ta’minlashga xizmat qiladi. Mazkur kun Kanada bolalari uchun dam olish kuni hisoblanmaydi.
GERMANIYADA «KINDERTAG»
Germaniyada bolalar kuni «Kindertag» nomi bilan tanilgan va har yili 1 iyun kuni nishonlanadi. Ushbu bayram mamlakatda 1950 yildan (Germaniya Demokratik Respublikasida) nishonlana boshladi va shu vaqtdan boshlab nemis bolalari uchun bu har yili nishonlanadigan voqea bo‘ldi. Shu kuni nemis bolalari an’anaviy ravishda ota-onalaridan tabriklar va sovg‘alar olishadi. Shuningdek, ular maktabda ekskursiyalar va maxsus tadbirlar uyushtiradi. Biroq, mamlakatning ko‘p joylarida «Bolalar kuni» 20 sentyabrda nishonlanadi, chunki bu bayram birinchi marta aynan shu kunda nishonlangan.
HINDISTON BOLALARI BAYRAMDA RANGLI LIBOSLAR KIYISHADI
Hindistonda bolalar kuni har yili 14 noyabrda nishonlanadi. Ushbu sana mustaqil Hindistonning birinchi bosh vaziri Pandit Javaharlal Neru tug‘ilgan kuni bilan bog‘liq. Neru bolalarni juda yaxshi ko‘rar edi. Bayram hindistonlik bolalar uchun katta quvonch baxsh etadi. Hindiston bolalari odatda ota-onalaridan sovg‘alar va tabriklar olishadi. Ko‘pgina o‘quvchilarga o‘sha kuni maktabga rangli liboslarda borishga ruxsat beriladi. Maxsus tadbirlar orqali bolalarga atirgullar ulashiladi. Ko‘plab maktablarda o‘quvchilarning ko‘ngil yozishi uchun lagerga sayohat yoki bepul filmlar namoyishi tashkil etiladi.

YOZNING BOSHLANISHI POLSHA BOLALARI UCHUN ENG KATTA BAYRAM
Polshada bolalar kuni «Dzien Dziecka» deb ataladi va 1 iyun kuni nishonlanadi. Bu kun birinchi marta 1952 yilda «Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni» sifatida nishonlangan. Polshada ham ushbu kun ta’til hisoblanmaydi. Ammo yozning boshlanishi bilan bu mamlakatda o‘quv yili yakunlanadi. Shuning o‘zi ham bolalar uchun «bayram».
Iyun oyining birinchi haftasida bolalar uchun istirohat bog‘lari va ko‘ngilochar markazlarda tadbirlar tashkil etiladi.
1 IYUN – O‘ZBEKISTONDA...
Shuni alohida ta’kidlash joizki, Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni yurtimizda alohida ko‘tarinki ruhda nishonlanadi. Xususan, 1 iyun kuni mamlakatimiz bo‘ylab bolalar uchun istirohat bog‘larida ko‘ngilochar tadbirlar tashkil etiladi. Imkoniyati cheklangan bolalarga mutasaddilar tomonidan mehr-muruvvat ko‘rsatiladi. Tashkilot xodimlarining bolalari hordiq chiqarishlari uchun qiziqarli tadbirlarga yo‘llanmalar taqdim etiladi.
Marhabo Madaminova, O‘zJOKU talabasi