Dunyo hamjamiyatining Afg‘oniston bo‘yicha sa’y-harakati birlashmoqda
Yer yuzining deyarli barcha mintaqalaridan delegatsiyalarni Toshkentda jamlagan «Afg‘oniston: xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyot» mavzusidagi xalqaro konferensiya yakuniga ko‘ra, mezbon mamlakat – O‘zbekiston bayonoti qabul qilindi. Biz Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti professori, 2013-2016 yillarda BMTning Afg‘onistonga ko‘maklashish missiyasi siyosiy departamenti rahbari lavozimida ishlagan sobiq diplomat Abdusamat Haydarovning konferensiya yakunlariga oid fikrlari bilan qiziqdik.
– Bu yilgi Toshkent forumi avvalgi ikki anjuman – 2018 yil 27 mart kuni bo‘lib o‘tgan «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik» mavzusidagi va 2021 yil 15-16 iyul kunlari o‘tkazilgan «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar» mavzusidagi yuqori darajadagi Toshkent konferensiyalarining mantiqiy davomi bo‘lganini qayd etish joiz.
Mazkur konferensiyadan ko‘zlangan asosiy maqsad dunyo hamjamiyati tomonidan Afg‘oniston masalasini muhokama qilish, xususan, mamlakatning yangi hukumati bilan muloqotni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish, afg‘on xalqiga mamlakatni urushdan keyingi tiklanishida hamda barqaror va mustaqil davlat qurishda yordam ko‘rsatish bo‘yicha fikr almashish hamda umumiy yondashuvlarni ishlab chiqishdan iborat edi.
Konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining murojaati o‘qib eshittirildi. Murojaatda Afg‘onistonning xalqaro maydonda yakkalab qo‘yilishiga yo‘l qo‘ymaslik masalasiga urg‘u berilgan, mamlakatni tinch yo‘l bilan obodonlashtirish, ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilash, qo‘shni davlatlar bilan do‘stlik munosabatini, xalqaro hamjamiyat bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasida ma’lum bir qadamlar tashlayotgan Afg‘oniston Muvaqqat hukumatining sa’y-harakati qo‘llab-quvvatlanishi qayd etilgan.
Shu bilan birga, murojaatda «davlat boshqaruvida afg‘on jamiyatining barcha qatlamlaridan vakillar keng ishtirok etadigan tarkibni shakllantirish, inson, ayniqsa, xotin-qizlar, barcha milliy va diniy guruhlarning asosiy huquqi va erkinligini ta’minlash Afg‘onistonda uzoq muddatli tinchlik o‘rnatishning fundamental asosi bo‘lib qolmoqda», deya ta’kidlangan.
Davlatimiz rahbari murojaatiga hamohang tarzda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning murojaati ham o‘qib eshittirildi. Prezident ilgari surgan fikrlar konferensiyaning yalpi sessiyasida, xorijiy delegatsiyalar rahbarlarining deyarli barcha chiqishlarida asosiy g‘oyaga aylandi. Xususan, AQSHning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Tomas Vest O‘zbekistonning Toshkent formatini tashkil etish borasidagi sa’y-harakatini olqishlagan holda, mintaqaviy sa’y-harakat Afg‘onistondagi nizoni hal qilishda muhim ekani, hamkorlikning mavjud shakllarini to‘ldirayotganini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «bu Afg‘onistonga doir eng dolzarb masalalarni muhokama qilish uchun juda noyob va muhim imkoniyatdir».
Rossiya Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Z.Kabulovning ma’ruzasida konferensiya va mamlakatimiz rahbariyati tashabbuslari yuksak baholanib, O‘zbekistonning ayni masalaga yondashuvi eng pragmatik va to‘g‘ri ekani qayd etildi, Afg‘onistonda milliy iqtisodiyotga sezilarli manfaat keltiradigan yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirish ustuvor yo‘nalishga aylanishi kerakligiga urg‘u berildi.
XXR maxsus vakili Yue Syaoyun Xitoy zarur chora-tadbirlar amalga oshirayotgani va Afg‘onistondagi gumanitar inqirozni bartaraf etishga ko‘maklashish maqsadida hamkorlik qilish, shu bilan birga, Xitoy dunyo hamjamiyati bilan gumanitar yordam yetkazib berish, Afg‘onistonning moliyaviy aktivlarini eritish va Tolibon harakatidan bir tomonlama sanksiyalarni olib tashlash borasidagi sa’y-harakatni muvofiqlashtirishga tayyor ekanini bildirdi. Bunda Xitoy Afg‘onistonni Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi ko‘prik sifatida baholaydi va transmintaqaviy loyihalar, jumladan, «Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar» temir yo‘li hamda g‘arbiy Xitoy va Markaziy Osiyoni bog‘lovchi temir yo‘l qurilishini qo‘llab-quvvatlashga tayyor.
– Abdusamat Ahatovich, o‘quvchilarimizga Markaziy Osiyo vakillarining bu mavzudagi fikrini bilish ham qiziq.
– Darhaqiqat, mintaqamizni Afg‘onistonsiz tasavvur qilish mumkin emas. Tabiiyki, Markaziy Osiyo mamlakatlari voqealar rivojini diqqat bilan kuzatib kelmoqda, qo‘shni davlatda vaziyat tez orada barqarorlashidan manfaatdor.
O‘quvchilar e’tiborini Qirg‘iziston maxsus vakili T.Masadikovning chiqishiga qaratmoqchiman. U konferensiyani qo‘llab-quvvatlab, O‘zbekistonning afg‘on inqirozini hal qilish yo‘llarini izlash borasidagi sa’y-harakatini yuqori baholandi. Afg‘oniston hukumati vakillari bilan aloqa o‘rnatish, mamlakatga gumanitar yordam ko‘rsatishni davom ettirish zarurligini qayd etdi.
Shu bilan birga, Afg‘onistonning hozirgi hukumati qisqa vaqt ichida jamoat xavfsizligini sezilarli ravishda yaxshilash, shuningdek, gumanitar halokatga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha tezkor chora-tadbirlarni amalga oshirishga muvaffaq bo‘lgani qayd etildi.
Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Amirxon Muttaqiyning chiqishi konferensiya ishtirokchilarida alohida qiziqish uyg‘otdi. Uning ta’kidlashicha, Muvaqqat hukumat mamlakatda xavfsizlikni ta’minladi, afg‘on iqtisodiyotini yo‘lga qo‘ydi. Ayni payt bank tizimida muammolar borligini e’tirof etgan holda, bu masala tez orada hal qilinishiga umid bildirdi.
A.Muttaqiyning fikricha, Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatilishi nafaqat ushbu davlat, balki butun mintaqa xavfsizligini ta’minlashning asosiy shartlaridan biri hisoblanadi. Afg‘oniston asosiy e’tiborni iqtisodiy manfaatga qaratmoqda. Hukumat Afg‘onistonni mintaqaviy xab, mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlik markaziga aylantirish istagida.
– Siz konferensiya ishida bevosita ishtirok etdingiz. Mahalliy va xorijiy OAV O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan loyihalarni alohida tilga oldi. Mazkur tashabbuslar aynan qaysi mamlakat va tashkilotlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda?
– Rasmiy Toshkent tomonidan e’lon qilingan transafg‘on loyihalari Markaziy va Janubiy Osiyoning deyarli barcha mamlakatlari, shuningdek, Yevroosiyoning strategik jihatdan muhim hisoblangan makromintaqasidan uzoqda joylashgan mamlakatlar tomonidan ham ma’qullanayotganini hech bir mubolag‘asiz qayd etish joiz.
Birinchi sho‘’ba yig‘ilishi davomida taqdim etilgan, uzunligi 750 kilometr bo‘lgan «Termiz – Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar» temir yo‘li qurilishi Markaziy Osiyo davlatlari va Afg‘onistonga Hind okeanidagi dengiz portlariga eng qisqa va tejamkor yo‘l orqali chiqish, Xitoyning «Dengiz ipak yo‘li» va Hindistonning «Shimol-Janub» loyihalariga qo‘shilish imkonini beradi.
Shu bilan birga, transafg‘on yo‘lagining ahamiyati Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqasiga nisbatan ancha keng. Zero, ushbu magistral Yevropani Janubiy Osiyo bilan bog‘lovchi eng qisqa va kamxarj yo‘l bo‘ladi.
Transafg‘on temir yo‘li qurilishi multiplikativ samaraga ega bo‘ladi. Mohiyatiga ko‘ra, temir yo‘l qurilishi Afg‘oniston nizosida tomonlarning mustahkam tinchlikka erishish, vaziyatni barqarorlashtirish va mamlakatni tiklash yo‘lida konstruktiv muzokaraga o‘tishi uchun kuchli turtki beradi. Shu bilan birga, transafg‘on yo‘lagi qurilishi yo‘l yoqasida qurilish avj olishi, texnik xizmat ko‘rsatish va harakatlanuvchi tarkibni ta’mirlash stansiyalari paydo bo‘lishi, temir yo‘l bo‘ylab mamlakat iqtisodiyotini jonlantirish va tiklashga xizmat qiluvchi yangi savdo markazlari paydo bo‘lishiga olib keladi. Ushbu magistralga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha milliy kadrlarni tayyorlash markazlari faoliyati ham yo‘lga qo‘yiladi. Minglab yangi ish o‘rinlari yaratilishi esa yoshlarni bunyodkorlik jarayoniga jalb qilish va tinch hayotga qaytarishga xizmat qiladi.
– Ko‘plab xorijiy ekspertlar fikricha, Toshkentda bo‘lib o‘tgan xalqaro konferensiyaning afg‘on muammosini hal qilishdagi roli va ahamiyati hali ko‘p muhokama qilinadi. Fikringizcha, konferensiya ishtirokchilari TIV bayonotini qanday baholadi?
– Konferensiya yakunida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tomonidan yakuniy bayonot e’lon qilindi. Anjumanga shu tariqa yakun yasash shakli xalqaro dipomatiyada mavjud. Ishtirokchilar tomonidan hech qanday e’tiroz kelib tushmadi, hujjat bir ovozdan ma’qullandi. Umuman, bayonot konferensiya vaqtida hukm surgan ruh va kayfiyatni ifoda etadi.
Bayonotda Afg‘onistonning suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligiga hurmat ifoda etilib, mamlakatning tinch, bo‘linmas, mustaqil, iqtisodiy jihatdan rivojlanayotgan, terrorizm va giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyatlardan xoli davlat sifatida shakllanishiga xayrixohlik bildirildi. bugungi kunda Afg‘onistonda mustahkam tinchlikka erishishning muhim omili sifatida ushbu mamlakat iqtisodiyotini tiklash va mustahkamlash ustuvor ahamiyat kasb etishi kerakligi to‘g‘risidagi umumiy tushunchalar ifoda etildi.
Mazkur hujjatda Afg‘onistonning yangi hukumati turli terrorchi guruhlar bilan aloqani uzishi, shuningdek, avval o‘z zimmasiga olgan mamlakat hududidan boshqa davlatlar xavfsizligi manfaatiga qarshi foydalanilishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha majburiyatni tasdiqlashi ijobiy qabul qilindi.
Yakuniy rasmiy bayonotda xalqaro hamjamiyatning afg‘on xalqiga gumanitar va iqtisodiy yordam ko‘rsatish orqali mamlakatda milliy iqtisodiyotni tiklashga qaratilgan sa’y-harakatini birlashtirish zarurati ham aks etgan.
«Afg‘oniston: xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyot» Toshkent xalqaro konferensiyasi O‘zbekistonning Afg‘oniston yo‘nalishidagi diplomatiyasi muvaffaqiyatidan dalolat. Qolaversa, mamlakatni tiklash va dunyodagi xo‘jalik aloqalariga, xalqaro munosabatlarga reintegratsiya qilinishiga nisbatan umumiy yondashuvlar ishlab chiqishga doir fikrlarni umumlashtirish va sa’y-harakatlarni birlashtirishga salmoqli hissa qo‘shadi.
O‘zA siyosiy sharhlovchisi
Abror G‘ULOMOV suhbatlashdi.