Dunyo bozoridagi o‘simlik moylari: 87 foizi palma, soya, kungaboqar va raps
“Strategie Grains” agentligi tahlilchilari ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilda Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida qariyb 9,9 million tonna kungaboqar xomashyosi yetishtiriladi. Bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichga nisbatan 13 foizga ko‘p. Boshqacharoq aytganda, Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lgan davlatlarda 4,42 million gektar maydonga kungaboqar urug‘i qadaladi va har gektar maydondan o‘rtacha 2,23 tonna hosil yig‘ib olinadi.
Joriy yilda hosildorlik o‘tgan yilda erishilgan natijaga nisbatan 12,1 foizga oshishi kutilmoqda. Shuningdek, ushbu mamlakatlarda 16,8 million tonna raps yetishtirilishi va bu borada ham o‘tgan yilga nisbatan o‘sish sur’atlariga erishish mo‘ljallanmoqda.
Yevropadagi asosiy moyli xomashyo yetishtiruvchi mamlakatlar – Rossiya, Ukraina, Ruminiya va Qozog‘istonda ham yuqori hosil olinishi kutilmoqda. Jumladan, shu kungacha Rossiyada 8,8 million gektar maydonga kungaboqar, 2,2 million gektar maydonga soya, 1,3 million gektar maydonga raps urug‘i ekildi.
Ruminiyada ham rekord darajada moyli xomashyo yetishtirilishi bashorat qilinmoqda. Jamg‘ariladigan moyli xomashyo hajmi 36 foizga o‘sib, 2,7 million tonna kungaboqar, 1,15 million tonna raps, 380 ming tonna soya doni yig‘ib olinadi. Ukraina esa birgina kungaboqar ekish hisobiga 16,7 million tonna xomashyo yetishtirishni mo‘ljallamoqda. Qozog‘iston dehqonlari ham joriy yilda 3 million gektar maydonda moyli ekinlar yetishtirishni rejalashtirgan, bu ham rekord natija hisoblanadi.
USDA ekspertlari hisob-kitoblariga ko‘ra, joriy mavsumda dunyo bo‘yicha 385,53 million tonna soya, o‘tgan yilda olingan hosil miqdoriga nisbatan 22,58 million tonnaga ko‘p, 57 million tonna kungaboqar, 73,2 million tonna raps, 46 million tonna zig‘ir xomashyosi yetishtiriladi. Shu tariqa o‘tgan yilga nisbatan o‘simlik moyi ishlab chiqarish miqdori kamida 4 foizga, uning iste’mol miqdori ko‘pi bilan 3 foizga oshadi. Taqqoslash uchun aytish mumkinki, kungaboqar moyi ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilga nisbatan qariyb 2 million tonna ortib, 21,2 million tonnani tashkil etadi.
Mamlakatimizda ham moyli ekinlar yetishtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, 2020 yilda 57,3 ming gektar maydonga ekilgan kungaboqar, maxsar va soyadan 48 ming tonna xomashyo jamg‘arilib, 15,6 ming tonna o‘simlik moyi ishlab chiqarilgan bo‘lsa, 2021 yilda 305 ming gektar maydonga moyli ekinlar ekilib, jami 412,8 ming tonna hosil olinishi kutilmoqda. 2026 yilga kelib moyli ekinlar urug‘i ekilgan maydonlar 367,5 ming gektarga yetkaziladi.
bugungi kun holatiga ko‘ra, yurtimizda 203 ming gektardan ortiqroq maydonga moyli ekinlar urug‘i qadaldi, shundan 128 ming gektar maydonga soya, 42,5 ming gektarga kungaboqar, 32 ming gektarga kunjut va 69 gektarga raps ekildi.
Eslatib o‘tamiz, palma moyi dunyoda eng ko‘p ishlab chiqariladigan o‘simlik moyi bo‘lib, yiliga o‘rtacha 75 million tonnani tashkil etadi. Ushbu mahsulot asosan Indoneziya, Malayziya, Tailand, Kolumbiya va Nigeriyada yetishtiriladi.
Ishlab chiqarish hajmining yuqoriligi bo‘yicha soya moy ikkinchi o‘rinda bo‘lib, uni yetkazib berishda Braziliya, AQSH, Argentina, Hindiston va Xitoy mamlakatlari yetakchilik qilmoqda. Dunyo bo‘yicha yig‘ib olingan soya hosilining 85 foizi ushbu mamlakatlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
2020-2021 yil mavsumida dunyoda 4,9 million, jumladan, Hindistonda 1,41 million tonna, Xitoyda 1,38 million tonna paxta moyi ishlab chiqarilgan.
Qayd etish kerakki, dunyoda ishlab chiqarilayotgan o‘simlik moylarining 87 foizini palma, soya, kungaboqar va raps moylari tashkil qilsa, qolgan 13 foizi yeryong‘oq, paxta, zaytun, kakos va boshqa moylar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Sayyora Shoyeva