Dunyo arenalarida o‘z salohiyatini namoyon etayotgan o‘zbek o‘g‘loni
Pokistonning Lahor shahrida taekvondo WT bo‘yicha kattalar o‘rtasida o‘tkazilgan “8th World Taekwondo President’s Cup – Asia” musobaqasida hamyurtimiz Jasur Jaysunov 80 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Bugungi kunda mamlakatimiz sportchilari xalqaro maydonlarda yuqori natijalar qayd etish bilan birga, kelgusi Osiyo va Olimpiya o‘yinlari, turli darajadagi muhim musobaqalarga puxta tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu borada Prezidentimizning 2025-yil 8-iyuldagi «2028-yil Los-Anjeles shahrida (AQSH) bo‘lib o‘tadigan XXXIV yozgi Olimpiya va XVIII Paralimpiya o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash to‘g‘risida»gi qarorida belgilangan vazifalar muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda. Mazkur hujjatda belgilangan ustuvor vazifalar asosida sportchilarning tayyorgarlik jarayonini tizimli tashkil etish, ularning xalqaro musobaqalardagi ishtirokini kengaytirish va yuqori natijalar uchun zarur sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Jasur Jaysunovning Lahordagi g‘alabasi ham ana shu izchil tayyorgarlik, yillar davomida orttirilgan tajriba va mashaqqatli mehnatning samarasidir. Bugun xalqaro tatamida o‘zini munosib namoyon etayotgan sportchining taekvondodagi yo‘li esa ancha yillar avval boshlangan.
Jasur Jaysunov 7 yoshidan taekvondo bilan muntazam shug‘ullanib kelmoqda. U mazkur sport turining ilk usullarini birinchi ustozi Denis Chebikindan o‘rgangan. Tuman va shahar birinchiliklarida toblangan yosh sportchi har bir musobaqadan so‘ng o‘z xatolari ustida ishlab, mahoratini izchil oshirib bordi.

Bu mehnatning dastlabki samarasi 2015-yilda ko‘zga tashlandi. Jaysunov ilk bor O‘zbekiston chempioni bo‘ldi. Shu tariqa mamlakat miqyosidagi musobaqalarda o‘zini ko‘rsata boshlagan yosh taekvondochi keyinchalik xalqaro maydonda ham yuqori natijalar qayd etishga kirishdi.
2019-yilda sportchimiz Iordaniyada o‘tkazilgan yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida g‘olib bo‘ldi. Shu yili Rossiyada o‘tkazilgan xalqaro turnirda ham oltin medalga sazovor bo‘ldi. 2020-yilda Istanbulda tashkil etilgan xalqaro musobaqada kumush medal bilan taqdirlandi.
2021-yil Jaysunov uchun xalqaro tajriba to‘plash nuqtai nazaridan muhim bosqich bo‘ldi. U Livanda o‘tkazilgan Osiyo chempionatida bronza, «Beirut Open-2021» musobaqasida esa kumush medalga ega chiqdi. 2022-yilda Jaysunov faoliyatida yangi bosqich boshlandi. Janubiy Koreyaning Chunchxon shahrida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida 74 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida Osiyo chempioni bo‘ldi. Shu yili Fujayradagi «Fujairah Open» turnirida ham oltin medalga sazovor bo‘ldi. Bundan tashqari, Osiyo klublar chempionati va «WT Presidents Cup – Asian» musobaqalarida bronza medallarini qo‘lga kiritdi.
Jasur Jaysunovning natijalari uning xalqaro maydondagi raqobatbardoshligini yanada oshirdi. 2023-yilda u «Dutch Open» va «Turkish Open» musobaqalarida 74 kilogrammgacha bo‘lgan vaznda oltin medallarni qo‘lga kiritdi. Usi shahridagi «Grand Slam» musobaqasida ham 80 kilogrammgacha bo‘lgan vaznda g‘olib bo‘ldi. Shuningdek, «WT Presidents Cup – Asian» musobaqasida kumush oldi. Jahon chempionati, Gran-pri va Osiyo o‘yinlarida ham ishtirok etib, katta musobaqalar tajribasini yanada boyitdi.

2024-yil sportchining faoliyatida alohida ahamiyat kasb etdi. U Fujayrada o‘tkazilgan «Fujairah Open» va Vetnamning Danang shahridagi Osiyo chempionatida 80 kilogrammgacha bo‘lgan vaznda oltin medalga sazovor bo‘ldi. Xitoyning Tayan shahrida o‘tkazilgan Olimpiya o‘yinlari uchun Osiyo litsenzion turnirida ham g‘olib chiqib, «Parij-2024» Olimpiadasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Shu yili «Grand Slam» saralash musobaqasida va harbiylar o‘rtasidagi jahon chempionatida ham oltin medallarga erishdi.
«Parij-2024» Olimpiadasi Jaysunov uchun sport faoliyatidagi eng katta sinovlardan biri bo‘ldi. U 80 kilogrammgacha bo‘lgan vaznda bahs olib borib, musobaqani beshinchi o‘rinda yakunladi. Olimpiada tatamisidagi bellashuvlar sportchining tajribasini yanada oshirdi.
2025-yilda ham Jaysunov yuqori natijalarni davom ettirdi. U Fujayradagi «Fujairah Open» turnirida, Xitoyning Usi shahridagi Osiyo klublar chempionatida 80 kilogrammgacha bo‘lgan vaznda oltin medallarni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, Albaniyaning Tirana shahrida o‘tkazilgan «Albania Open» musobaqasida ham shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi.

Sportchi faoliyatida 2025-yildagi yana bir qiziqarli jihat — vazn toifasidagi o‘zgarish bo‘ldi. Jaysunov «WT Presidents Cup – Asian» musobaqasida bu safar 87 kilogrammgacha bo‘lgan vaznda ishtirok etib, oltin medalga sazovor bo‘ldi. Bu natija uning nafaqat asosiy vazn toifasida, balki yuqoriroq vaznda ham raqobatlasha olish salohiyatini ko‘rsatdi.
2026-yilda esa taekvondochimiz yana bir qator muhim musobaqalarda shohsupaga ko‘tarildi. Fujayrada o‘tkazilgan «Fujairah Open» musobaqasida kumush medal, Antaliyadagi «Turkish Open» turnirida oltin medal, Ulan-Batordagi Osiyo chempionatida kumush medalga sazovor bo‘ldi.
Joriy yil avgust oyidagi Lahor musobaqasi esa Jaysunov uchun navbatdagi muvaffaqiyat bilan yakunlandi. 80 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida barcha raqiblarini mag‘lub etib, «World Taekwondo President’s Cup – Asia» turniri g‘olibiga aylandi.
Jasur Jaysunovning bugungi natijalari ortida bir necha yillik ustozlar mehnati, yuqori darajadagi musobaqalarda orttirilgan tajriba va sportchining o‘z ustida izchil ishlashi mujassam. Uning faoliyatidagi har bir bosqich keyingi marra uchun poydevor vazifasini bajarib kelmoqda.

Taekvondochimizning xalqaro maydondagi yutuqlari mamlakatimizda sport sohasida yosh iqtidorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning mahoratini oshirish va xalqaro musobaqalarga tayyorlash borasida olib borilayotgan tizimli ishlar samarasini ham ko‘rsatadi.
Bugun Jasur Jaysunov o‘z oldiga yangi maqsadlarni qo‘ygan holda faoliyatini davom ettirmoqda. U ayni paytda joriy yilning 19-sentabr kuni Yaponiyaning Aichi–Nagoya shaharlarida boshlanadigan XX yozgi Osiyo o‘yinlarida mamlakatimiz sharafini munosib himoya qilish uchun mashg‘ulotlarga zo‘r bermoqda. Jasur Jaysunovga Osiyo o‘yinlarida ham munosib ishtirok etib, Vatanimiz bayrog‘ini baland ko‘tarishi va yangi g‘alabalarni qo‘lga kiritishida omad tilaymiz.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA