Do‘stlik,birdamlik musobaqasi
Yurtimizda uyushmagan yoshlarni ommaviy sport turlariga jalb qilish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar o‘z samarasini bermoqda. Xususan, chekka-chekka mahallalarda ushbu ezgu maqsad doirasida turli xil sport musobaqalari tashkil etilib, faol yoshlar rag‘batlantirilmoqda.
Masalan, “Mahalla” xayriya jamoat fondi tashabbusi bilan Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanidagi 2-sektor hududidagi mahallalar yoshlaridan tashkil topgan 14 ta jamoa o‘rtasida mini futbol musobaqasi tashkil etildi.

Keskin va murosasiz kechgan bahslarda jamoalar o‘zaro bahslashdi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, 1-o‘rin Maktobod MFY yoshlariga nasib qilgan bo‘lsa, 2-o‘rinni Yangiobod MFY yoshlari qo‘lga kiritdi. Nurafshon MFY yoshlari esa 3-o‘ringa munosib ko‘rildi.

– Bu kabi musobaqalar nafaqat bizni birdamlikka chorlaydi, balki sog‘ligimizni mustahkamlashimizga xizmat qiladi, – deydi “Maktobod” jamoasi sardori M.Xomidov. – Musobaqa doirasida bir qancha do‘stlar orttirdik, xullas vaqtimiz mazmunli o‘tdi.
Musobaqa g‘oliblari tashkilotchilarning esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
O‘lmas Barotov,
O‘zA.