“Do‘stlik ohanglari” nomli konsert bo‘lib o‘tdi
Poytaxtimizdagi “Xalqlar do‘stligi” maydonida “Do‘stlik ohanglari” nomli konsert dasturi poytaxt ahli va yurtimiz mehmonlari uchun namoyish qilindi.
Musiqiy dasturda estrada, opera san’ati ustalari va O‘zbekiston milliy simfonik orkestri ijrosidagi gala-konsert tomoshabinlar e’tiboriga havola etildi.
Musiqiy anjumanda Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi tomonidan qator hamkor tashkilotlar bilan birga yurtimizda Do‘stlik festivali ko‘tarinki ruhda o‘tkazilayotgani qayd qilindi.
Ta’kidlandiki, ushbu festivaldan ko‘zlangan asosiy maqsad jahon mamlakatlarining millatlararo totuvlikni ta’minlash borasidagi tajribasi va ilmiy salohiyatini birlashtirish, xalqlar madaniyatini namoyish etish, chet eldagi vatandoshlarimiz bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, yurtimizda yashab kelayotgan barcha millat va elat vakillarining madaniyati, tili, milliy an’analari va urf-odatlarini saqlashdan iborat.
Tadbirda ishtirokchilar tomonidan yurtimizda hukm surayotgan millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni ko‘z qorachig‘idek asrab avaylash kerakligi hususida fikrlar bildirildi.
Shundan so‘ng yig‘ilganlar e’tiboriga taniqli san’atkorlar va milliy madaniy markazlar tomonidan tayyorlangan konsert dasturi havola etildi. Turli millat yozuvchi va shoirlarining qalamiga mansub she’rlar asosida kuylangan qo‘shiqlar barchaga ko‘tarinkilik ulashdi.
[gallery-18577]
Do‘stlik festivali doirasidagi tadbirlar aholini, ayniqsa, yoshlarni umuminsoniy qadriyatlarni asrab-avaylash, turli millatlar qadriyatlariga hurmat bilan qarash ruhida tarbiyalashga, shuningdek, jahonda samimiy do‘stlik g‘oyalarini targ‘ib qilish va tarannum etishga xizmat qiladi.
N.Usmonova,
Alimurod Mamadaminov (suratlar), O‘zA