Dorixonalar faoliyati talab darajasidami?
Poytaxtimizda aholini arzon va sifatli dori vositalari bilan ta’minlash, biologik faol qo‘shimchalar muomalasini davlat tomonidan tartibga solishni mukammallashtirish yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi mutasaddi rahbarlari, soha xodimlari, dori vositalari va tibbiy buyumlarning chakana realizatsiyasi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’ektlari vakillari ishtirok etdi.
Unda dori vositalarini saqlash tartibi, dorixona maydoni, farmatsevtika faoliyatini yanada takomillashtirish, tibbiy buyumlarni markirovkalash borasida so‘z yuritildi. Dorixonalarda faoliyat yuritayotgan kadrlar masalasiga e’tibor qaratilib, ularning mutaxassisligi, bilim darajasi talabga javob beradimi-yo‘qmi, degan savol o‘rtaga tashlandi.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Nurmat Otabekov Prezidentning tegishli farmonida dorixonalarda tatbiq qilinishi belgilangan GPP talablari bo‘yicha tushuntirish berar ekan, maqsad aptekalar sonini kamaytirish emas, balki dorixonalarning mavjud talab va me’yorlarga muvofiq faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash ekanligini ta’kidladi.
Mutasaddining so‘zlariga ko‘ra, pandemiya davrida guvohi bo‘ldikki, doriga bo‘lgan talab keskin oshib ketdi. Dunyo hamjamiyatiga mos ravishda faoliyat yuritishimiz kerakligi ko‘rinib qoldi.
Mohigul Qosimova, O‘zA