“Dolzarb 90 kun” tadbirlari qanday o‘tmoqda?
Joriy yilning 15 may kuni Prezidentimiz raisligida ta’lim sohasidagi islohotlar samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida o‘quvchilarning yozgi ta’tilini mazmunli va maroqli tashkil etish maqsadida “Dolzarb 90 kun” tadbirlari ilgari surilgan edi.
Namangan viloyati Davlatobod tumanidagi “Atour” mehmonxonasida viloyat hokimligi hamda maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi hamkorligida davom etayotgan “Dolzarb 90 kun” tadbirlari hamda yangi o‘quv yili oldidan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Mazkur tashabbus ijrosi doirasida bo‘lib o‘tgan keng qamrovli tadbirlarda 17 mingdan ortiq turli tanlovlar, 26 mingga yaqin sport musobaqalari, 22 mingdan ziyod davra suhbatlari va uchrashuvlarga viloyatdagi 700 dan ziyod umumta’lim maktablaridan 337 547 nafar o‘quvchi qamrab olindi. Bundan tashqari, 67 ta kunduzgi sog‘lomlashtirish maydonchasida 10 ming, shahar tashqarisidagi oromgohlarda 6250, “Barkamol avlod” bolalar maktablaridagi to‘garaklarga 11 695, bolalar musiqa va san’at maktablaridagi to‘garaklarga 2956, sport seksiyalariga 23 ming, o‘quv kurslariga 41 ming va kasb-hunar o‘rganishga 33 ming nafardan ziyod o‘quvchilar qatnashdi.
– Yangi 2025-2026 o‘quv yilida 62 mingdan ziyod jajjilar ilk bor maktab ostonasiga qadam tashlaydi. Birinchi sinf o‘quvchilari uchun “Prezident sovg‘alari” taqdim etiladi, – deydi Namangan viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i A’zamjon Isoqov. – Shuningdek, 5 749 984 dona darslik, mashq daftari va uslubiy qo‘llanmalar maktablarga yetkaziladi. Har bir hududda bittadan jami 14 ta “Jasorat maktabi” tashkil etildi. Viloyatdagi 618 ta davlat bog‘chasi va 720 ta maktabni yangi o‘quv yiliga tayyorlash jarayonlarini qizg‘in yakuniga yetkazish maqsadida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Matbuot anjumanida davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifalarni samarali ijrosini ta’minlash, xususan, ilg‘or ta’lim dasturlarini bog‘cha va maktablarga joriy etish, ta’lim sifatini yuksaltirish, pedagoglarning kasbiy rivojlanishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, fan olimpiadalarida o‘quvchilarning faol ishtirokini ta’minlash, oliy ta’limga qamrovni oshirish borasida aniq vazifalar belgilab olinganligi qayd etildi.
Jumladan, joriy yil yakuniga qadar Namangan viloyatida maktabgacha ta’limga qamrov ko‘rsatkichi 80,3 foizga yetkaziladi. Namangan shahri, Kosonsoy, Uychi, Chust va Norin tumanlarida “Ilk rivojlanish markaz”lari tashkil qilinib, ularga bog‘chaga bormaydigan, “Kambag‘al oilalar” reyestriga kiritilgan 2 ming nafar bola qamrab olinadi. O‘zining ijobiy natijasini bergan Prezident maktablari o‘quv dasturlari, metodikasi bu yilda 150 ta maktabda, jami 230 ta maktabda joriy qilinadi.
Alohida ta’lim ehtiyoji mavjud bo‘lgan inklyuziv sinflarga jalb qilingan o‘quvchilarga “To‘siqsiz muhit”, ya’ni erkin harakatlanishini ta’minlash maqsadida 14 ta maktab to‘liq jihozlanadi. Viloyatdagi ta’mirtalab 78 ta maktab va 20 ta bog‘chada bosqichma-bosqich qurilish-ta’mirlash ishlari olib boriladi.
Ochiq va samimiy ruhda kechgan muloqotda jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob qaytarildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.