"Dolzarb 30 kunlik» nazorat tadbirlari davom etmoqda
So‘ngi yillarda yurtimizdagi mavjud bog‘dorchilik, dehqonchilik xo‘jaliklari, shaxsiy tomorqa, issiqxonalar va boshqa maydonlarni turli zararkunandalardan himoya qilish, yashil hududlar barpo etish bo‘yicha bir qator xayrli ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, Toshkent shahrining umumiy maydoni jami 35 784 gektar bo‘lib, shundan 6 833 gektari ko‘kalamzor yerlar, 137,65 gektari istirohat bog‘lar va 404 gektari mevali bog‘lar hisoblanadi. Hech kimga sir emas, yashil maydonlar shaharda qulay ekologik muhitni shakllantirishda asosiy omillardan biri.
Shuning uchun ham atmosferani toza saqlash bugungi kunning dolzarb masalalaridan biri hisoblanadi. Shu bilan birga aytish mumkin, so‘ngi yillarda sohaga ilm-fan yangiliklari, xalqaro amaliyot va raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti hajmi va geografiyasini yanada kengaytirish choralari ko‘rilmoqda.
Ayni kunlarda Toshkent shahar o‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi tomonidan poytaxtimizning 12 ta tumaniga biriktirilgan karantin inspektorlari tomonidan «Dolzarb 15 kunlik» nazorat tadbirlari yo‘lga qo‘yilgan.
Tadbirdan ko‘zlangan maqsad, aholi tomorqa yer egalariga yaqindan yordam berish, ularni qo‘llab-quvvatlash hamda o‘simliklarni har xil organizmlardan himoya qilish kabi ommaviy kurash tashkillashtirilyapti. Shu bilan birga, mamlakatimizda o‘simliklar karantini tizimini yangi bosqichga ko‘tarish, sohaga ilm-fan yangiliklari, xalqaro amaliyot va raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti hajmi va geografiyasini yanada kengaytirish choralari ko‘rilmoqda. Aholi xonadonlaridagi karantin obyektlarini inspektorlar obdon tekshirmoqda.
– "Dolzarb 30 kunlik" doirasida hududimizdagi manzarali daraxtlar, gullar va boshqa o‘simliklar belgilangan tartibda zararsizlantirilib, dalolatnomalar rasmiylashtirilmoqda, – deydi Toshkent shahar o‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi inspektori Jamshid Tursunov. – Aholi yashash joylaridagi mevali daraxtlar ham ko‘rikdan o‘tkazildi. Unda aniqlangan zararli organizmlarga qarshi kurash choralari ko‘rildi va zararsizlantirish ishlari olib borilmoqda.
Tadbirlar doirasida mamlakatimiz hududlarida mavjud mevali bog‘larga jiddiy zarar yetkazib, mavsumda hosildorlikning keskin kamayishiga hamda daraxtlarning qurib qolishiga sabab bo‘lgan xavfli zararli organizmlarga qarshi tavsiya etilgan samarali moyli preparatlar bilan profilaktik ishlov berishni takomillashtirish, shuningdek, bu haqida keng jamoatchilik orasida targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Olib borilayotgan nazorat tadbirlari davomida zararli organizmlar mavjudligi shubhaga olingan o‘simliklardan namunalar olinib, sayyor laboratoriyalar yordamida tekshirilmoqda. Monitoring davomida karantin ostidagi mahsulotlarda zararkunandalar aniqlansa, belgilangan tartibda zararsizlantirish ishlari tashkil etilyapti.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA