“Dolzarb 15 kunlik” e’lon qilindi
O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi tomonidan navbatdagi “Dolzarb 15 kunlik” e’lon qilindi.
Bundan ko‘zlangan maqsad mamlakatimiz hududlarida yetishtirilgan anor va xurmo mevalari tez kunlarda pishib yetilishini hamda eksport jarayonlari boshlanishini inobatga olib, urug‘ hamda danak mevali bog‘larga jiddiy zarar yetkazib, eksport hajmining kamayishiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan “Komstok qurti” (Pseudococcus comstocki) va “Anor mevaxo‘ri” (Euzophera bigella) zararkunandalariga qarshi uyg‘unlashgan kurashni tashkillashtirish, shuningdek, bu haqda keng jamoatchilik orasida targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish maqsadida joriy yilning 6 oktyabriga qadar “Dolzarb 15 kunlik” e’lon qilindi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, “Komstok qurti” koksidiyalar kenja turkumiga kiradigan hasharot, ichki va tashqi karantin ob’ekti hisoblanadi. Mazkur zararkunanda birinchi marta 1890 yilda AQSHning Kaliforniya shtatida D.Komstok tomonidan topilgan.
Uning tanasi uzunligi 3-4 mm, tuxum qo‘yish davrida 5-6 mm ga yetadi. Tanasi oq mumsimon parda bilan qoplangan, chetlarida 17 juft mumsimon o‘siq, shu jumladan, tana uzunligining yarmigacha boradigan ikkita dum ipi bor. Urg‘ochisi 600 ga yaqin tuxum qo‘yadi. Tuxumining kattaligi 0,3 mm, oval shaklda. Daraxtlar kovagida, o‘simlik ildizlarida, xazon orasida, devor yoriqlarida tuxumlik bosqichida qishlaydi.
“Komstok qurti” tut daraxtidan tashqari, shaftoli, anor, makkajo‘xori, kartoshka, karam, pomidor, qovun, tarvuz va bir qator boshqa ko‘pgina daraxtsimon va o‘tsimon o‘simliklarning tanasi, poyalari, shoxlari, barglari, kurtaklari, shona, g‘uncha, gullari, mevalariga va 5-6 sm chuqurlikda tuproqdagi ildizlarining yuqori qismiga zarar yetkazadi (oq momiqqa o‘xshagan qoldiq qoldiradi). “Komstok qurti” O‘zbekistonga 1939-yilda Yaponiyadan keltirilgan tut ko‘chatlari bilan kelib qolgan.
Hozirgi kunda butun O‘zbekiston Respublikasida yetishtirilayotgan anor mevalari xavfli zararkunanda hisoblangan “Anor mevaxo‘ri”dan zararlanmoqda. Bu esa respublikamizda, xususan, viloyatlarimizning barcha tumanlarida yetishtirilayotgan anor mevalarining eksportbopligi pasayishiga sabab bo‘luvchi omil sifatida unga qarshi kurashda mas’uliyat bilan yondashishni talab etadi.
“Anor mevaxo‘ri” daraxtdagi gul, shona va mevalarni butun vegetatsiya mavsumi davomida zararlaydi. Ba’zan anor daraxtlarining po‘stloqlariga ham zarar yetkazib, ularni quvvatdan ketgazib qo‘yadi.
“Anor mevaxo‘ri”ning kapalaklari qanotlarini yozganda 12-14 mm. Tanasi 7-8 mm kulrang tusda bo‘ladi. Tuxumi oqimtir sariq, yuzasi g‘adir-budir, kattaligi 0,75-1 mm. Qurtlari 8-11 mm, och kulrang, boshi qo‘ng‘ir-qora rangda bo‘ladi. G‘umbagi 8-9 mm jigarrang bo‘ladi.
Kapalak umri davomida 100 tagacha tuxum qo‘yadi. Qulay sharoitda tuxumning rivojlanishi 5-7 kun davom etadi. Tuxumdan chiqqan qurtlar kosacha yoki yoriqlar orqali mevalar ichiga kiradi. Qurtning rivojlanishi yozda 20-25 kun davom etadi. Qurtlar anor donachalari bilan va donalar o‘rtasidagi pardalar bilan oziqlanadi. Qattiq zararlangan anor mevalari yorilib ketadi. Oziqlanishni tamomlagan qurt meva kosachasida yoki uning ichida, po‘stlog‘i atrofida pilla o‘raydi. Meva kam bo‘lsa, qurtlar shoxlar po‘stlog‘i ostidagi lub bilan oziqlanadi. “Anor mevaxo‘ri”ning yozda to‘liq yetilishi 35-40 kun davom etadi. Yil davomida 5-6 ta avlod beradi.
Joriy yil respublika hududlarida yetishtirilgan anor va xurmo mahsulotlarini “Komstok qurti” va “Anor mevaxo‘ri”dan uyg‘unlashgan himoya qilish bo‘yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar” dasturida belgilangan vazifalarga muvofiq “Dolzarb 15 kunlik” doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi, viloyatlar va Toshkent shahar O‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmalari tomonidan anor va xurmo bog‘larida fitosanitar dala nazorati o‘tkaziladi.
Mazkur nazorat tadbirlari mobaynida respublikamiz bog‘larida karantindagi zararli organizm aniqlansa, bir sutka ichida Agentlikka xabarnomalar yuborilishi va ushbu hududni “karantin nazorati ostida” deb e’lon qilinishi yuzasidan tuman hamda shahar hokimlariga taqdimnomalar kiritilishi belgilangan.
Shuningdek, “Dolzarb 15 kunlik”da xorijiy davlatlarga eksport qilinishi rejalashtirilgan fitosanitar toza anor va xurmo mahsulotlarini qadoqlash sexlari orqali xalqaro fitosanitar talablarga muvofiq eksport qilinishi ham nazoratga olinadi.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA