Dog‘istonlik ijodkorlar bilan uchrashuv
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida Dog‘iston Respublikasining «Literaturnыy Dagestan» gazetasining mas’ul muharriri, «Dagestanskiy pisatel» nashriyotining asoschisi Marina Axmedova bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosari G‘ayrat Majid mamlakatimizda milliy adabiyotimizni ravnaq toptirish, yozuvchi va shoirlarning kitoblarini chop etishga ko‘maklashish, ijod ahlini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari doimiy e’tiborda ekanini ta’kidladi.

Poytaxtimizda qad rostlagan so‘lim va fayzli Adiblar xiyoboni, turli hududlarda faoliyat ko‘rsatayotgan ijod maktablari, kitobxonlikni rivojlantirishga doir amaliy ishlar bu boradagi ibratli sa’y-harakatlarning yorqin namunasidir.
Uchrashuv davomida Marina Ahmedova Dog‘iston xalq shoirlari Rasul Hamzatov, Fazu Aliyeva va boshqa ko‘plab dog‘istonlik mualliflarning she’rlarini, tarjimalarini tarjima qilganini aytdi.

O‘zbek ijodkorlari - G‘ayrat Majid, Mamatqul Hazratqulov, Asror Mo‘min, Risolat Haydarova, Rustam Musurmon va boshqalar Rasul Hamzatovning ijodi hamda u bilan bog‘liq xotiralarini o‘rtoqlashdi. Darhaqiqat, Rasul Hamzatov she’rlari o‘zbek kitobxonlari uchun g‘oyat qadrli. Ularda mardlik, matonat, milliy o‘zlik, ona tiliga, Vatanga muhabbat, oriyat va diyonat kabi mavzular ustuvor ahamiyat kasb etadi.
Rasul og‘aning she’rlari mamlakatimizning bir qator san’at darg‘alari tomonidan kuyga solingani, bu qo‘shiqlar xalqimiz qalbidan chuqur o‘rin olgani e’tiborga molikdir. Fazu Aliyeva sobiq sho‘rolar davrida xotin-qizlar safida birinchilardan bo‘lib “Xalq shoiri” degan yuksak unvonga sazovor bo‘lgan ijodkorlardan sanaladi.

Fazu Aliyeva nazm va nasr, publitsistikada birdek samarali izlangan, ko‘plab asarlar yozgan. Onalarga ehtirom, mehr-muhabbat, inson umrining mazmuni Fazu Aliyeva asarlarining bosh g‘oyasini tashkil etgan.

Tadbirda har ikki xalq ijodkor ziyolilari bir-birlariga esdalik sovg‘alarini topshirdi. Uchrashuvda adabiy aloqalar rivoji xususidagi rejalar, takliflar xususida batafsil so‘z yuritildi.
N.Usmonova,
O‘zA