Doʻstlik rishtalari yana-da mustahkamlanmoqda
Urganch shahrida Oʻzbekiston Respublikasi va Qozogʻiston Respublikasi oʻrtasida ikki tomonlama hamkorlik boʻyicha ikkinchi hududlararo hamkorlik forumi tashkil etildi.
Urganch shahrida Oʻzbekiston Respublikasi va Qozogʻiston Respublikasi oʻrtasida ikki tomonlama hamkorlik boʻyicha ikkinchi hududlararo hamkorlik forumi tashkil etildi.
Oʻzbek va qozoq elining tarixi, tili, madaniyati va qadriyatlari oʻxshash, xalqlarimiz azaldan bir-biriga yelkadosh boʻlib yashab keladi. Bu yaqinlik bugungi kunda davlatlararo hamkorlikka mustahkam asos boʻlmoqda. Mamlakatlar oʻrtasidagi munosabatlar 1998-yilda imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi bilan Qozogʻiston Respublikasi oʻrtasida Abadiy doʻstlik toʻgʻrisidagi shartnoma hamda 2013-yilda imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi bilan Qozogʻiston Respublikasi oʻrtasida Strategik sheriklik toʻgʻrisidagi shartnoma asosida taraqqiy etmoqda.
Ikki mamlakat oʻrtasidagi yaqin qoʻshnichilik, strategik sheriklik munosabatlarini yana-da mustahkamlash, hududlarning sanoat salohiyati va imkoniyatlari toʻgʻrisida oʻzaro maʼlumot almashish, toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlik qilish va istiqbolli yoʻnalishlarni belgilab olish maqsadida tashkil etilgan ushbu forumga Qozogʻistondan va mamlakatimiz viloyatlaridan ishbilarmon doira vakillari tashrif buyurgan.
Oʻzbekiston – Qozogʻiston ikkinchi hududlararo hamkorlik forumi doirasida uchta shuʼba yigʻilishi, xususan, “Ishlab chiqarishda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish orqali chegaradosh hududlarda investitsion hamkorlik istiqbollari”, “Agrosanoat sektorini hamkorlikda rivojlantirish” hamda “Inson kapitalini rivojlantirish: yetakchilik asoslari” mavzularida munozaralar boʻlib oʻtdi. Ikki mamlakat vazirlik, idoralari masʼul xodimlari, hududlar, tashkilotlar va kompaniyalar rahbarlari, iqtisodchi olimlar maʼruzalari tinglandi.
– Ushbu forum har ikki tomon uchun birday foydali, – deydi Qozogʻiston Respublikasi savdo va integratsiya vaziri oʻrinbosari Kayrat Torebayev. – Oʻzbek – qozoq tadbirkorlari azaldan hamkorlik qilib kelgan va bundan davlatlarimiz ham manfaatdor. Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlar faollashishi natijasida 2018-yil noyabr oyida Chimkent shahrida birinchi Oʻzbekiston – Qozogʻiston hududlararo hamkorlik forumi boʻlib oʻtdi. Anjuman doirasida koʻplab savdo-investitsiyaviy shartnomalar, hududlararo munosabatlarni rivojlantirish boʻyicha kelishuvlar imzolandi. Shundan buyon oʻtgan ikki yil mobaynida oʻzbekistonlik sheriklar bilan savdo-iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirish, transport-logistika sohasidagi hamkorlik, hududlar darajasidagi oʻzaro aloqalarni kengaytirish va boshqa masalalarda aniq ijobiy natijalarga erishdik.
Soʻnggi yillarda hududlar oʻrtasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va turistik aloqalarni rivojlantirish maqsadida mahalliy rahbarlar boshchiligidagi ishbilarmon doiralar vakillari oʻrtasida oʻzaro tashrif almashinish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi. Tashriflar doirasida biznes forumlar va hududlarda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar koʻrgazmalari oʻtkazib kelinmoqda.
Xalqaro forum doirasida chegaradosh hududlar biznes vakillari ishtirokida kontaktlar birjasi oʻtkazildi, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy shartnomalar imzolandi. Ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.
– Biz 2011-yildan buyon kurka goʻshti yetishtirish va qayta ishlash bilan shugʻullanamiz, – deydi qozogʻistonlik tadbirkor Murat Togʻayev. – Korxonamizda har yili oʻn ming tonna kurka goʻshti yetishtiriladi, shuning yarmidan koʻpi qayta ishlanadi. Hozir kurka goʻshtidan 85 turdagi mahsulot yetishtirishdan tashqari, ushbu parranda terisini qayta ishlab, tayyor mahsulot sifatida savdoga chiqarmoqdamiz. Oʻzbekistonlik tadbirkorlar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyganimizga bir yildan oshdi. Korxonamiz Rossiya, Belarus kabi davlatlar bilan ham hamkorlik qiladi, biroq eng yaqin qoʻshnilar bilan savdo qilish juda qulay. Bugun yana bir qator firmalar bilan yiliga jami 1000 tonna kurka goʻshti yetkazib berish boʻyicha shartnoma imzoladik. Ushbu forum biz uchun juda manfaatli va samarali boʻldi, deb bemalol ayta olaman.
Xalqaro forum doirasida Oʻzbekiston va Qozogʻiston sanoat, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari koʻrgazmasi ham tashkil etildi. Koʻrgazmada ikki mamlakatda ishlab chiqarilayotgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari, qurilish mollari va texnikalari, jamoat transporti, zamonaviy yengil avtotransport vositalaridan tortib yengil sanoat mahsulotlarigacha namoyish etildi. Ishtirokchilar oʻrtasida import va eksport shartnomalari tuzildi.
Tadbir nafaqat yangi hamkorlar topish va ular bilan aloqa oʻrnatish, yangi bozorlarni egallash hamda investitsiya kiritish yoki jalb qilish uchun ajoyib imkoniyat yaratadi, balki xalqlarimiz oʻrtasidagi koʻp asrlik doʻstona va yaxshi qoʻshnichilik rishtalarini yana-da mustahkamlashga ham xizmat qiladi.