Diniy bag‘rikenglik – xalq diplomatiyasining poydevori
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Diniy bag‘rikenglik – xalq diplomatiyasining poydevori” mavzusida ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda Shanxay hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi Xalq diplomatiyasi markazi tomonidan tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov so‘zga chiqib, hamkorlikda amalga oshirilishi rejalashtirilgan tadbir ikki tomon uchun ham juda manfaatli bo‘lishiga umid bildirdi. Shanxay hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi Xalq diplomatiyasi markazi bilan olib borilayotgan hamkorlik aloqalaridan mamnun ekanligi qayd etildi.
– O‘zbekiston – Buyuk ipak yo‘li chorrahasida, turli madaniyat va sivilizatsiyalar tutashgan muborak zamin hisoblanadi, – dedi O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov. – Shu sababli asrlar davomida yurtimizda istiqomat qilib kelayotgan turli millat va diniy e’tiqod vakillar yagona oiladek ahil-inoq yashab kelmoqda. Mehmondo‘stlik, o‘zaro hurmat, barchaga ezgulik sog‘inish, umuman, bag‘rikenglik bizning xalqimizga xos fazilat. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 8-moddasida ham O‘zbekiston xalqini millatidan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari tashkil etishi belgilab qo‘yilganini e’tirof etish joiz. Bu – yurtimizdagi barcha insonning huquq va burchlari tengligi kafolatidir.
SHHTning O‘zbekistondagi Xalq diplomatiyasi markazi direktori Qobuljon Sobirov ushbu markaz tomonidan so‘nggi yillarda diniy-marifiy sohaga katta e’tibor qaratilayotganini ma’lum qildi. Xalq diplomatiyasi markazi faoliyati gumanitar tarkibiy qismi turli xalqlar va etnik guruhlar, madaniy an’analar va diniy e’tiqodlar vakillarini bir platformada to‘plash imkoni berishi bilan ahamiyatlidir.
Ushbu markaz davlatimiz rahbarining 2018 yil 26 iyunda qabul qilgan “O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining xalq diplomatiyasi markazi tashkil etilishini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida tashkil etilgan.
SHHTning O‘zbekistondagi Xalq diplomatiyasi markazi SHHT mamlakatlari o‘rtasida o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilikni, millatlararo va dinlararo totuvlikni mustahkamlashga, sivilizatsiyalararo muloqotni kuchaytirishga ko‘maklashishga xizmat qilishi haqida so‘z yuritdi.
Qizg‘in ruhda o‘tgan seminarda so‘zga chiqqanlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan so‘nggi yillarda diniy-ma’rifat, turli diniy e’tiqodlar vakillari o‘rtasidagi o‘zaro do‘stlik va totuvlikni yanada mustahkamlash, diniy bag‘rikenglik tamoyillarini yo‘lga qo‘yish masalalariga alohida e’tibor qaratilayotganiga urg‘u berdilar.
Yurtimizda yashayotgan barcha millat va elat vakillari yagona oila sifatida O‘zbekiston xalqini tashkil etishi, ular bir-birlari bilan hamjihat bo‘lib, yurtimiz ravnaqi yo‘lida sidqidildan mehnat qilayotganliklari xalqaro miqyosda ham yuksak e’tirof etilmoqda.
N.Usmonova,
O‘zA