Dilrabo imtiyozli grant asosida talaba boʻldi
Ayni kunlarda qator oliy taʼlim yurtlari rahbarlari qoʻshimcha kvota asosida talabalikka qabul qilingan xotin-qizlarni ularning xonadonlariga borgan holda tabriklamoqda.
Ayni kunlarda qator oliy taʼlim yurtlari rahbarlari qoʻshimcha kvota asosida talabalikka qabul qilingan xotin-qizlarni ularning xonadonlariga borgan holda tabriklamoqda.
Andijonlik Dilrabo Sobirova oʻzini omadli va baxtli hisoblaydi. Boisi, u qoʻshimcha davlat granti asosida Fargʻona politexnika institutining iqtisodiyot fakultetiga oʻqishga qabul qilindi. Bugun ularning xonadoni xursandchiliklarga toʻldi. Fargʻona politexnika instituti rektori Oybek Otaqulov Andijon shahrida istiqomat qiluvchi qoʻshimcha davlat granti asosida oʻqishga qabul qilingan Dilrabo Sobirovani tabriklab, esdalik sovgʻalarini ulashdi.
Bu talaba Andijon shahri Oʻzbekiston mahallasida istiqomat qiladi. Suhbat chogʻida onasi Nargiza Qodirova davlatimiz rahbarining xotin-qizlarga koʻrsatayotgan eʼtibor va gʻamxoʻrliklari uchun minnatdorlik bildirdi.
– Kam taʼminlangan oilalar roʻyxatida turardik, – deydi Nargiza Qodirova. – Andijon shahar hokimligi tomonidan berilgan tavsiyanoma asosida qizim Fargʻona politexnika institutiga oʻqishga topshirib, 144,2 ball olib berilgan imtiyoz asosida grantga qabul qilindi. Bundan oilamiz quvonchda. Bugun qizim va men yana-da baxtlimiz, boisi institut rektori shaxsan kelib grant asosida oʻqishga qabul qilinganligi bilan tabrikladi. Kelajakda qizim albatta, berilgan ishonchni oqlaydi
Oʻz oʻrnida institut rektori oliygohda bilim olish uchun yaratilgan sharoitlar haqida soʻzlab, soʻnggi yillarda tizimda olib borilayotgan islohotlar ilm olishga chanqoq yigit-qizlar uchun qoʻl kelishini aytib oʻtdi.