Dilbar, mehnatkash, aziz ayollar
Toshkent Fotosuratlar uyida Xalqaro qishloq ayollari kuniga bagʻishlangan tasviriy sanʼat va badiiy fotosuratlar koʻrgazmasining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
Mazkur koʻrgazma Oila va xotin -qizlar davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi, Oʻzbekiston badiiy ijodkorlar uyushmasi, Toshkent Fotosuratlar uyi tomonidan tashkil etildi.

Maʼlumki, Xalqaro qishloq ayollari kuni 2008-yilning 15-oktyabr kunidan nishonlana boshlangan. Bu kunda BMT qishloq joylarda yashovchi ayollarning muammolariga, xususan, ularning taʼlim olishi, mehnat qilishi, farovon hayoti, zoʻravonlik va tahqirlashdan himoya qilish masalalariga eʼtibor qaratishga chaqiradi.
Xalqaro qishloq ayollari kuni doirasidagi maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar davomida asosiy eʼtibor xotin-qizlarning qishloq xoʻjaligi rivoji, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, oilalar va qishloqlar farovonligini yanada oshirishdagi oʻrni va qoʻshgan hissasiga qaratilmoqda.

Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi matbuot xizmati xabar berishicha, koʻrgazma ekspozitsiyasida qishloq xotin-qizlarining kundalik turmushidagi turli jihatlarini aks ettiruvchi tasviriy sanʼat va fotosanʼat asarlari taqdim etilgan.
Koʻrgazmani shartli ravishda uch qismga ajratish mumkin: birinchi qismda asosan oq-qora rangdagi retro fotosuratlar namoyish etilmoqda. Ularda oʻz davrining jamoat ishlarida faol ishtirok etgan mashhur xotin-qizlar aks ettirilgan. Fotosuratlar Oʻzbekiston Davlat arxivida saqlanayotgan noyob retrospektiv suratlarning nusxasi hisoblanadi.

Ikkinchi boʻlimda taqdim etilgan rangli fotosuratlar hozirgi kundagi hayotimizni aks ettiradi. Bular Oʻzbekiston badiiy ijodkorlar uyushmasi fotorassomlar seksiyasi aʼzolari R.Shagayev, R.Sharipov, A.Jumayev, V.Goncharenko, V.Shlosberg, N.Boymurodova, S.Dehqonov, shuningdek, Oʻzbekiston milliy axborot agentligi fotomuxbirlarining asarlaridir. Ularda hozirgi kun qishloq ayollari ish vaqtida, turli hayotiy vaziyat va holatlarda aks ettirilgan.
Koʻrgazmaning uchinchi qismini yosh rassomlarning tasviriy sanʼat yoʻnalishidagi asarlari tashkil etadi. Z.Farmonov, F.Bozorov, S.Muzaffarova, F.Atamullayeva, F.Mamadiyorov, G.Jalolova kabi iqtidorli rassomlarning asarlarida ayol latofati, uning mehnatsevarligi, uning goʻzal onalik xislatlari namoyon boʻlgan.
Koʻrgazmaning ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh- vazir oʻrinbosari – Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi raisi Zulayho Mahkamova ishtirok etdi.
N.Usmonova, OʻzA