DIIHB islohotlarni qo‘llab-quvvatlaydi
Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YeXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB) direktori Matteo Mekachchi boshchiligidagi delegatsiya joriy yilning 29 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova bilan uchrashdi.
Bu haqda Ombudsman matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, uchrashuvda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) mamlakatimizda inson huquqlarini ta’minlash borasida olib borilayotgan islohotlar, Vakil institutining qonunchilik bazasi takomillashtirilgani va vakolatlari kengaytirilgani hamda qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha Ombudsman zimmasiga yuklatilgan vazifalar, jumladan, Milliy preventiv mexanizm doirasida yopiq muassasalarga uyushtirilgan monitoring tashriflari haqida to‘xtaldi.
O‘zaro muloqot davomida 2021 yilda Ombudsman tomonidan inson huquqlarini ta’minlash borasida rejalashtirilgan tashabbuslar hamda 2020 yilda Vakil nomiga yuborilgan murojaatlar tahlili borasida ham o‘zaro fikr almashildi.
Shuningdek, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Parlamentga yo‘llagan Murojaatnomasida hamda BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasida qilgan ma’ruzasida qiynoqlar masalasiga alohida e’tibor qaratilgani, Ombudsman instituti zimmasiga mamlakatimizda qiynoqlarning har qanday ko‘rinishiga qarshi kurashish, bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik, inson huquq va manfaatlarini kafolatlash bo‘yicha qator vazifalarni yuklash bilan birga uning vakolatlarini kengaytirish masalasini ham ilgari surayotgani qayd etildi.
Ombudsman huzuridagi qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha Milliy preventiv mexanizm doirasida jazoni ijro etish muassasalari, tergov xibsxonalari va boshqa yopiq muassasalariga NNT va fuqarolik jamiyati vakillari hamda OAV ishtirokida monitoring tashriflarini o‘tkazish tizimli yo‘lga qo‘yilganligi hamda bu borada parlamentga muntazam tarzda ma’lumotnomalar kiritib borilayotganligi ham ta’kidlandi.
Shu bilan birga, Saylov kodeksi bilan ijtimoiy ahamiyati katta bo‘lmagan jinoyatni sodir etgan mahkumlar ham saylovlarda ishtirok etish huquqi vujudga kelgani, joriy yilda mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan saylov jarayonlarini Ombudsman kuzatib borishi qayd etildi.
Ochiq va do‘stona ruhda o‘tgan uchrashuvda DIIHB direktori M.Mekachchi inson huquqlarini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
N.Nasriyev, O‘zA