Devor va to‘siqlar zamonamizning yangi ramzlariga aylanmoqda
Yaqinda Finlandiya Rossiya bilan tutash chegarada sinov tariqasida panjara qurish loyihasi uchun pul ajratmoqda, degan xabar tarqaldi.
Finlandiya hukumati joriy yil uchun qo‘shimcha byudjetning to‘rtinchi paketida mamlakat Ichki ishlar vazirligiga Rossiya bilan chegarada panjara qurilishi uchun 6 million yevro taklif qildi. Yaqin kelajakda u mamlakat parlamentida ko‘rib chiqiladi. Chegara xizmati rejasiga ko‘ra, to‘siq Rossiya chegarasining taxminan 15 foizini (200 kilometr) himoya qilishi kerak.
Aslida, mamlakatlar o‘rtasida devor barpo qilish insoniyat tarixida yangilik emas. Davlatlar o‘zlarini to‘siqlar bilan himoya qilishni ancha oldin boshlagan. Qadim zamonlarda ham aql bovar qilmaydigan devorlar qurilgan. Masalan, Chin mamlakati imperiyani shimoliy ko‘chmanchilarning bosqinlaridan himoya qilish uchun Buyuk Xitoy devorini qurgan. Uning uzunligi 8 ming 850 kilometrga cho‘zilgan. Oradan ikki yarim ming yil o‘tib, hozir ham devor qoldiqlari kishini hayratga soladi.

Yevroosiyoning narigi chekkasida, yangi davr boshida ulug‘vor devor qurilishini rimliklar boshlab bergan. Imperiya perimetri bo‘ylab – Britaniyadan Arabiston yarim oroliga qadar mustahkamlangan ohakdan qurilgan to‘siqlar imperiya sarhadlarini bosqinchilardan qo‘riqlash maqsadida bunyod etilgan. Ha, rimliklar bunday to‘siqlarni juda ko‘p va juda tez qurganlar.
Chegara devorlari imperiyalarni yuzlab yillar davomida uyushmagan olomon yoki qaroqchilardan himoya qilgan.
Ikkinchi jahon urushi natijasida Germaniya ikkiga bo‘linib qoldi. Ikki mafkuraviy lagerga bo‘lingan nemis xalqini Berlindagi baland devorlar ikkiga ajratib turdi. 1991 yilga kelib sotsialistik lagerning qulashi mazkur devorni ham vayron qildi, mamlakat yana yagona bo‘ldi, bir-birini yo‘qotgan, aloqalari yarim asr uzilib qolgan odamlar yana topishdi.

1975 yilda Janubiy Afrika Respublikasining o‘sha paytdagi "oq" hukumati Mozambikdagi inqilobdan qo‘rqib chegarada elektrlashtirilgan (3300 volt) to‘siq bunyod etdi. Bir tomondan, ushbu elektr toki ulangan to‘siq chegarani qora tanlilarning inqilobiy zo‘ravonligidan qutqarganday tuyuldi, boshqa tomondan esa mozambikliklar "olovli ilon", deb atagan ushbu to‘siq yiliga 200 ga yaqin qochqinning umriga zomin bo‘lgan.
Devorlar, tok ulangan to‘siqlar mojarolar kechayotgan hududlarda qurilmoqda. Masalan, 1953 yilda Koreya yarim orolida bunyod etilgan uzunligi 241 kilometrlik sanoqsiz istehkomlardan iborat to‘siq oradan qancha yillar o‘tdiki, Shimol va Janub hududlarini ishonchli tarzda ajratib turibdi.
Bu yoqda Polsha ham Rossiya bilan chegarada devor qurmoqchi. Qurilish hozircha boshlangani yo‘q, lekin u chegara xizmatini rivojlantirish konsepsiyasiga kiritilgan, deydi mamlakat mudofaa vaziri o‘rinbosari Voysex Skurevich. Polsha – Belarus chegaralari esa allaqachon panjarali to‘siqlardan iborat devor bilan yopilgan. Belarus bilan Litva ham chegara aloqalarini baland devorlar osha amalga oshirmoqda.
Isroil bilan Iordan daryosining g‘arbiy qismini ajratib turuvchi “xavfsizlik devorini qurish masalasi 1990 yillarda muhokama qilingan edi, biroq qurilish 2002 yilga kelib boshlandi. Devor Isroilni falastinliklar hujumidan himoya qilish uchun qurilgan. BMT 2021 yilda tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, rejalashtirilgan 712 kilometrlik devorning 65,3 foizi qurib bitkazilgan. V 2004 yilda BMT Xalqaro sudi mazkur devor qurilishini noqonuniy deb topdi, chunki u falastinlarning o‘zini o‘zi boshqarish huquqini buzardi.

2021 yil dekabrda Isroil mudofaa vazirligi G‘azo sektorida 65 kilometrdan iborat yangi to‘siq qurilishi nihoyasiga yetganini ma’lum qildi. Mazkur ob’ekt yer usti va suvosti to‘siqlarni o‘z ichiga oladi.
Mazkur devor 2015 yilda suriyalik qochqinlarni o‘tkazmaslik uchun qurildi. Avval boshida u tikonli simdan iborat edi, endi esa ushbu inshoot kameralar va ovoz balandlatuvchi qurilmalar bilan jihozlangan poydevorli ob’ektga aylandi.
Afrikalik qochqinlardan bezib ketgan Ispaniya ham 1990 yillarda Marokash chegarasida devor qurdi. Devor turli himoya, kuzatuv vositalari bilan jihozlanganiga qaramay, Ispaniya hukumati o‘tgan yili minglab migrantlarni to‘xtata olmadi va hatto armiyani jalb qilishga to‘g‘ri keldi.

Mamlakatlar o‘rtasida devorlar haqida so‘z ketsa, hozir eng ko‘p Turkiya tilga olinsa, ajab emas. Chunki Yevropa bilan Osiyoni bog‘lab turgan Qadim Onado‘li zamini hozirga kelib Osiyodan Ko‘hna qit’aga tinch va yaxshi hayot qidirib yo‘l olgan qochqinlaru, uyushgan transmilliy jinoyat guruhlarining kontrabanda yuklarni olib o‘tish uchun eng ma’qul yo‘lakka aylangan. Shu bois Turkiya chegarabuzarlik muammosidan eng ko‘p aziyat chekayotgan davlat hisoblanadi. Masalan, kuni kecha Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘on Turkiy davlatlar tashkilotining Samarqand sammitida Turkiya – 2014 yildan buyon eng ko‘p qochoqlarni qabul qilgan davlat ekanini ta’kidlab, qabul qilingan 5 million qochoqning 3,6 millioni suriyaliklar ekanini aytdi.
Turkiya 2015 yilda Suriya chegaralarida noqonuniy muhojirlarning oldini olish maqsadida chegarada baland devor qurishni boshlagandi. Hozirda balandligi 3 metrni tashkil qiladigan devor chegara bo‘ylab 750 kilometrga cho‘zilgan. O‘tgan yili esa Turkiya Afg‘on qochqinlarini to‘xtatish uchun Eron chegarasida devor qurishni boshladi. Rejaga ko‘ra, u 300 kilometrga yetadi. Turkiya Osiyo mintaqasi tomoniga devor qurayotgan bir paytda Gretsiya ham Turkiya chegarasida Evros daryosining butun uzunligi bo‘ylab panjara to‘siq qurilishini boshlamoqchi.
Kipr orolida turklar va greklar yashaydigan hududlarni ajratib turuvchi “Yashil chiziq” deb nom berilgan to‘siqni esa aytmasa ham bo‘ladi. Mazkur inshoot 1974 yilda qurilgan edi.
bugungi kunda dunyo bo‘yicha 281 million kishi, ya’ni sayyoramiz aholisining 3,6 foizi muhojirlikda hayot kechirmoqda. Hatto migrantlarni eng ko‘p qabul qilayotgan bag‘ri keng, iqtisodiy qudratli AQSHdek davlat ham endi chegarasini devor bilan yopish tashvishiga tushgan. Ha, devor qurish “epidemiyasi” Amerika qit’asiga ham yetib bordi. Shimoliy Amerikada devor qurish g‘oyasi Donald Trampning prezidentlik saylovida g‘olib bo‘lishida muhim rol o‘ynadi. Chunki ovoz beruvchilarning katta qismiga tadbirkor prezidentning Meksika chegarasida mustahkam devor qurish va’dasi yoqib tushgandi.
Umuman, hozirda Osiyoning o‘n yettita, Afrikaning uchta va Yevropaning o‘n to‘rtta davlati chegara panjaralarini qurmoqda yoki ularni qurishni rejalashtirmoqda.
Yana bir gap: hozirgi zamon chegara devorlari mafkuraviy qarama-qarshiliklarga asoslanmayapti, balki mamlakat aholisining farovonligini, tinchligini, jamiyatning barqarorligini muhofaza qilish bahonasida amalga oshirilmoqda. Chunki hozir chegarabuzarlarning aksariyati kambag‘allik, siyosiy beqarorlik, urush va ochlikdan qochib o‘zga mamlakatlardan boshpana topish ilinjida uzoq, mashaqqatli va xavfli yo‘lga chiqqan odamlardir. Lekin achchiq haqiqat shuki, ularni hech bir mamlakat ko‘zi to‘rt bo‘lib kutayotgani yo‘q. Devorlarga kelsak, tilimizga dunyo haqiqatan ham esdan og‘moqda, deyishdan boshqa so‘z kelmasligi turgan gap.
S.Rahimov, O‘zA