Deputatlar saylovchilar bilan uchrashdi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari shu kunlarda o‘z saylov okruglarida bo‘lib, aholini ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish, hududlar infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishmoqda.
Parlament quyi palatasi deputatlari E.Aslonova hamda M.Baratovaning Buxoro shahridagi “Ko‘kaldosh” mahalla fuqarolar yig‘ini aholisi vakillari bilan o‘tkazgan uchrashuvida dastlab, mamlakatimizda iqtisodiy islohotlarning borishi, aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni boshlash istagida bo‘lgan fuqarolarga yaqindan ko‘maklashish, ularga imtiyozli bank kreditlari ajratilishida ko‘maklashish yuzasidan bajarilayotgan ishlar bo‘yicha tegishli ma’lumotlar taqdim etildi.
Deputatlar “Mahalla yettiligi” mas’ullari bilan o‘tkazilgan suhbat davomida ushbu tizimning aholi yashash sharoitlarini yaxshilash, xususan kambag‘allikni qisqartirish borasidagi o‘rni haqida ham o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Qonunchilik palatasi deputatlari mahallada tadbirkor G.Temirova tomonidan tashkil etilgan ovqatlanish shoxobchasida ham bo‘lib, uning ish faoliyati bilan tanishdi. Bu yerda o‘n nafarga yaqin mahalladoshlarning doimiy bandligi ta’minlangan. Xalq noiblari tomonidan mahalliy tadbirkorga ish faoliyatini yanada kengaytirish bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi.

Deputatlarning Buxoro tibbiyot instituti huzuridagi akademik litsey pedagogik jamoasi va o‘quvchi yoshlari bilan o‘tkazgan uchrashuvi ham qizg‘in o‘tdi. Uchrashuvda “O‘zbekiston-2030” strategiyasidagi ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarini yanada rivojlantirish, yoshlarning huquq va manfaatlarini har tomonlama himoya qilishga qaratilgan asosiy yo‘nalishlar, tegishli bob va moddalar bo‘yicha batafsil so‘z yuritildi.

Darhaqiqat, keyingi yillarda bitiruvchi yoshlarni oliy ta’limga qamrab olish, ularning bandligini ta’minlash davlat siyosati darajasidagi muhim masalalardan biriga aylangan. Yurtimizda yoshlarni oliy ta’limga qamrab olish masalasida yaratib berilgan imtiyoz va imkoniyatlar tufayli oliy ma’lumot olish istagida bo‘lgan yoshlar safi tobora kengayib bormoqda.
Uchrashuv doirasida deputatlar litseydagi ta’lim-tarbiya jarayoni, darslarning borishi, to‘garaklar faoliyati, o‘qituvchi va o‘quvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan ham yaqindan tanishdi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.